Tavsiyanoma uchun xotin-qizlardan arizalar qabuli boshlandi. Talabgorlar uchun batafsil ma`lumot berildi
4754 01-07-2020 0 У насИзвините, на данном статье не имеет русская версия! Перейти на главной странице
2020/21 o`quv yili uchun qabuldan boshlab, xotin-qizlar uchun jami davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlariga nisbatan qo`shimcha 4 foizli grant ajratilishi belgilandi. Ushbu to`rt foiz – bu yil 940ta grant kvota demakdir. Kun.uz ushbu yangilik yuzasidan atroflicha ma`lumot to`pladi. Bu haqida "Darakchi.uz" nashri xabar bermoqda.
Avvalo aytish joiz, bu imtiyoz bakalavriatning kunduzgi ta`lim shakli bo`yicha va faqat tanlangan birinchi yo`nalishga o`qishga kirish uchun amal qiladi.
Grant kimlarga beriladi?
Реклама на Unews
Grantga da`vogarlik qilishi mumkin bo`lgan xotin-qizlar qatlami anchagina keng:
- kam ta`minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
- to`liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya`ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
- 14 yoshgacha bo`lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg`iz ayol (erkak)larning qizlari;
- shaxsiy uy-joyi yo`q, ijarada yashayotgan oilalar;
- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo`lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko`maklashish markazlarida hisobda turganlar;
- nogironligi bo`lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
- oliy ma`lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o`rtacha ko`rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marta past bo`lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo`lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (o`z hududida 3 yil ishlash sharti bilan – qaysi tumanlar ekani haqida quyida batafsil).
Qanday hujjatlar talab etiladi?
Yuqoridagi toifalarga mansub xotin-qizlar 24 iyundan 10 iyulgacha bo`lgan muddatda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining tuman va shahar bo`limlarida tashkil etilgan ishchi guruhlarga grant uchun hujjat topshirishlari mumkin.
Реклама на Unews
Hujjatlar to`plami quyidagilardan iborat bo`ladi:
- tuman (shahar) Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi boshlig`i nomiga ariza (dastlab, ariza vazir nomiga yozilishi e`lon qilingan edi. Biroq oxirgi variantda ariza vazirlikning tuman (shahar) bo`limi boshlig`i nomiga yozilishi tasdiqlandi)
- grant olish uchun belgilangan talablardan biriga to`g`ri kelishini tasdiqlovchi hujjatlar (ilovasi bilan);
- ma`lumotnoma, obektivka;
- umumta`lim maktabi yoki o`rta maxsus, kasb-hunar muassasasidan ma`lumotnoma (umumiy o`rta ta`lim (11-sinf negizida) yoki o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjat nusxasi);
- O`qish joyidan ma`lumotnoma kelasi yillarda so`raladi, bu yil emas
- Talabgor o`qigan maktabi, kolleji yoki liseyidan ma`lumotnoma olib kelishi haqidagi talab ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`ldi.
- Kun.uz grant bilan bog`liq shu va boshqa savollar yuzasidan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligiga murojaat qildi.
- Vazirlikning ma`lum qilishicha, talabgorning ma`lumotnoma topshirishi haqidagi talab Vazirlar Mahkamasining 23 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta`lim muassasalariga qo`shimcha davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o`qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to`g`risida»gi nizomda belgilab qo`yilgan.
- «Lekin nizomdagi bu talab joriy yil uchun amal qilmaydi. Sababi qizlarga qo`shimcha grant ajratish uchun tavsiyanomalar joriy yil tezlashtirilgan formatda beriladi.
- Bundan keyingi yillarda 15 mayga qadar tavsiyanoma olish uchun murojaat etuvchi xotin-qizlar hujjatlarini hududiy boshqarmalarga nizomda belgilangan muddatlarda taqdim etishlari kerak.
- 15 mayga qadar umumta`lim maktablari va o`rta maxsus ta`lim muassasalarida ta`lim olayotgan xotin-qizlar shahodatnoma yoki diplom olmagan bo`ladi. Demak, ulardan qaerda ta`lim olishini ko`rsatuvchi ma`lumotnoma so`ralishi to`g`ri.
- O`qishni oldingi yillar davomida tamomlagan talabgorlar Nizomga muvofiq, umumiy o`rta ta`lim (11-sinf negizida) yoki o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjatga ega bo`lishi va nusxasini mezonga muvofiq boshqa hujjatlar bilan birga ishchi guruhiga taqdim etishi lozim», – deya ma`lumot berdi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi.
- Vazirlik vakillari bu yil grant uchun tavsiyanomalar qabul qilish bitiruvchilarning ta`lim muassasalarini tamomlaganidan so`ng boshlanganini, demak, hammaning qo`lida ta`limni tugatganlik to`g`risidagi hujjat borligini ta`kidladi va qo`lida ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjat bor talabgor qizlar maktab, kollej yoki liseyni tugatganlik to`g`risidagi hujjat nusxasini topshirishi kifoya ekanini bildirdi.
- Pasport yoki tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma nusxasi.
Xotin-qizlar talablarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlarni qaerdan oladi?
Kam ta`minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar ro`yxatiVazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi qaroriga ilova qilingan «Kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida»gi Nizomga muvofiq tashkil etilgan maxsus komissiyaning xulosasi va tuzilgan dalolatnomaga asosan aniqlanadi.
To`liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya`ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar holati otasi yoki onasining yoxud har ikkisining o`lim guvohnomalari nusxalari asosida aniqlanadi. Bu hujjat ishchi guruhi tomonidan FHDYo organlaridan mustaqil ravishda idoralararo elektron hamkorlik orqali so`rab olinishi ham mumkin.
14 yoshgacha bo`lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg`iz ayol (erkak)larning qizlarining holati mahallalar tomonidan aniqlanadi va ishchi guruh tomonidan ularga to`g`ri baho berilgani o`rganib chiqilishi mumkin. Ular haqidagi hujjatlarni ham ishchi guruh FHDYo organlaridan mustaqil ravishda so`rab olishi mumkin.
Shaxsiy uy-joyi yo`q, ijarada yashayotgan oilalardan chiqqan qizlar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilgan talabgorning ota-onasi (vasiy yoki homiysi) nomida uy-joyi yo`kligini tasdiqlovchi ma`lumotnoma yoki soliq idoralari tomonidan ro`yxatga olingan ijara shartnomasini taqdim qiladi. Bunda ijara shartnomasining tuzilganlik muddati 1 yildan kam bo`lmasligi shart.
Ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo`lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko`maklashish markazlarida hisobda turganlar haqida ma`lumotlar tuman (shahar) Bandlikka ko`maklashish markazlarida mavjud ma`lumotlar asosida aniqlanadi.
Nogironligi bo`lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar oila a`zolarining nogironligi borligini tasdiqlovchi hujjatni ilova qilishlari lozim.
Olis va borish qiyin bo`lgan hududlar quyidagilardir: Qoraqalpog`istonning Qonliko`l, Mo`ynoq va Shumanay tumanlari; Jizzax viloyatining Forish tumani; Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani; Navoiy viloyatining Tomdi va Uchquduq tumanlari; Farg`ona viloyatining So`x tumani. (Asos: «Aholi punktlarini borish qiyin bo`lgan va tog`li hududlar tarkibiga kiritish tartibi to`g`risida»gi yo`riqnoma)
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi statistikalariga ko`ra,xotin-qizlarning respublika bo`yicha oliy ta`lim bilan qamrovi 46 foizni tashkil etadi. Shularni hisobga olgan holda, ishchi guruh bu talab asosida hujjat topshirgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko`rib chiqadi.
Tushunishimizcha, oliy ma`lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o`rtacha ko`rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marta past bo`lgan tumanlar ro`yxati hali tasdiqlanmagan.
Tavsiyanomalar soni chegaralanmagan, lekin grantlar soni cheklangan
Vazirlik ma`lumotiga ko`ra, qo`shimcha grantga talabgor va qo`yilgan talablarga mos kelgan xotin-qizlarga tavsiyanomalar 15 iyulgacha etkaziladi.
Qayd etish joizki, ishchi guruh tomonidan talablarga javob beradi, deb topilgan xotin-qizlarga tavsiyanomalar berish soni cheklanmagan. Ya`ni barcha talablarga mos kelgan da`vogarlarning hammasiga tavsiyanoma berilishi mumkin. Biroq grantlar soni chegaralangan: respublika bo`yicha jami 940 ta.
Viloyatlar kesimida o`rinlar quyidagicha taqsimlangan:
- Samarqand viloyati – 104
- Farg`ona viloyati – 100
- Qashqadaryo viloyati – 88
- Andijon viloyati – 85
- Toshkent viloyati – 80
- Namangan viloyati – 75
- Surxondaryo viloyati – 71
- Toshkent shahar – 70
- Xorazm viloyati – 50
- Buxoro viloyati – 53
- Qoraqalpog`iston Respublikasi – 51
- Sirdaryo viloyati – 49
- Jizzax viloyati – 36
- Navoiy viloyati – 28
Vaqtinchalik yashash joyidan hujjat topshirish imkoni yo`q
Hujjatlar xotin-qizlarning doimiy yashash joyi bo`yicha tuman (shahar) Mahalla va oilani qo`llab quvvatlash bo`limlariga topshiriladi.
- Qizlarda vaqtincha yashash joyi bo`yicha grant uchun hujjat topshirish imkoni yo`q.
- Tavsiyanoma ololmaganlarga tushuntirish beriladi.
- Tavsiyanomalar 15 iyulga qadar talabgorlarga etkaziladi.
- Tuman (shahar) mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limlaridagi ishchi guruhlariga murojaat qilgan, lekin asosli ravishda tavsiyanoma berilmagan xotin-qizlarga nega ularga tavsiyanoma berilmagani haqida tushuntirish beriladi.
- Shunda qizlar qabul uchun hujjat topshirishning oxirgi sanasi kelguncha tavsiyanomani kutib, qabul muddatini o`tkazib yubormaydi.
- Tavsiyanomali qizlar ham imtihonda ishtirok etadi
- 2020 yil 20 iyulgacha tavsiyanoma berilgan talabgorlarning yakuniy ro`yxati vazirlik tomonidan Davlat test markaziga taqdim etiladi.
- Tavsiyanomaga ega abiturientlarni qo`shimcha qabul ko`rsatkichlari doirasida o`qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga muvofiq hal qilinadi.
- Tavsiyanoma egalari to`plash mumkin bo`lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo`lmagan miqdorda ball to`plashi kerak. Etarli ball yig`ganlar ballar ketma-ketligi bo`yicha qo`shimcha 4 foizli davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
- Pandemiya paytida hujjatlar onlayn emas, qog`oz shaklda so`ralmoqda. Nega?
- Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanoma berishda xotin-qizlardan ortiqcha hujjatlarni so`rashga yo`l qo`yilmasligini alohida ta`kidladi.
- «Joriy yilda hujjatlarni qabul qilishda vaqt qisqaligi inobatga olinib, karantin qoidalariga rioya etgan holda an`anaviy usuldan foydalanilmoqda. Vazirlik kelgusida mazkur jarayonlarni to`liq onlayn formatga o`tkazish bo`yicha tegishli choralar ko`rilishini ma`lum qiladi.
- Vazirlik tomonidan tavsiyanomani olish uchun talabgorlarning hujjati batafsil o`rganib chiqilishi, nizomda belgilangan mezon va talablarga to`g`ri kelmaydigan nomzodlar ushbu ro`yxatga kiritilmasligining oldini olish bo`yicha barcha tegishli choralarni ko`radi» – deya ma`lum qildi vazirlik Kun.uzga.
- Tavsiyanoma berish tizimi yangi bo`lgani va joriy yil juda qisqa muddatda amaliyotga tatbiq etilayotgani tufayli kamchiliklar bo`lishi tabiiy. Shu tufayli Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi odamlarda paydo bo`ladigan savollarga doimiy javob berish, u asosda kamchiliklarni bartaraf etib borishga tayyorligini bildirdi.
Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda birinchilardan ta'nishib boring!
Самый горячие новости на нашем ТЕЛЕГРАМ канале.