Putin va Zelenskiy: ular qanday qilib hokimiyat tepasiga kelishgan?

Bugun Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy qarama-qarshiligi jahon siyosiy qiyofasida yangi sahifalar ochgani hech kimga sir emas. Bu ikki yetakchi qanday qilib hokimiyat tepasiga kelishgan?

KGB agentidan Kremlgacha
Putin 1952 yilda Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg) ishchi oilasida tug‘ilgan. Uning otasi urush faxriysi va zavod ishchisi edi. Mashhur britaniyalik jurnalist Ben Yahudo shunday deb yozgan edi: «Putin va uning ajdodlari ziyoli oilalardan bo‘lmagan. Ular SSSRning ambitsiyalariga shubha qilmagan. Bu Putinning karerasida ham ko‘zga tashlanadi».

Putin Leningrad davlat universitetida va keyinchalik 17 yil davomida o‘rta darajadagi agent sifatida xorijiy razvedkada ishladi. 1985 yildan 1990 yilgacha Sharqiy Germaniyaning Drezden shahrida xizmat qilgan. Shunga qaramay, uning Turkiyadagi maxfiy faoliyati haqida ham ma’lumotlar bor. KGB (davlat xavfsizligi qo‘mitasi) da o‘tgan faoliyati barcha josuslarniki kabi juda sirli tarzda kechgan.

2000 yilda «The Washington Post» gazetasida chop etilgan maqolada aytilishicha, u bir vaqtlar sovet defektorining (CSSRga xiyonatda ayblangan Aleksandr Orlov nazarda tutilmoqda — tahrir) kitobini o‘qishdan bosh tortgan. «Vatanga xiyonat qilgan odamlarning kitoblarini o‘qimayman», — degan edi u.

1991 yilga kelib, Putin KGBning faol zaxirasidan rasman iste’foga chiqib, Sankt-Peterburgda Anatoliy Sobchak qo‘lida ishladi. Ben Yahudoning yozishicha, Putin o‘zining siyosiy qarashlarini kuchli avtoritar tafakkurga ega Anatoliy Sobchakdan olgan va uni o‘ziga ustoz deb bilgan.

1996 yilda Putin oilasi bilan Moskvaga ko‘chib o‘tdi. 1998 yilda KGBning o‘rnini egallagan FSB (Federal Security Service) rahbari bo‘ldi. Bu lavozimga Putinni o‘sha paytdagi Rossiya prezidenti Boris Yelsin tayinlagandi.

1999 yil avgust oyida Yelsin Putinni Rossiyaning bosh vaziri etib tayinladi. Ukrainalik mashhur jurnalist Gordon milliarder Sergey Viktorovich Pugachyov bilan naq 5 soatlik intervyusida Putinni Yelsinga aynan Pugachyov tanishtirgani aytiladi. Oradan atigi 4 oy o‘tib Yelsin iste’foga chiqadi va Putinni prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Putin mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozondi. Ikki yil sobiq KGB agentining Rossiya prezidenti bo‘lishi va so‘nggi chorak asrda jahon sahnasida katta shaxsga aylanishi uchun yetarli bo‘ldi.

Xalqaro ekspertlarga ko‘ra, Yelsin o‘zining qilmishlarini yashirish uchun Putinni prezidentlikka olib kelgan. Putinning birinchi harakatlaridan biri Yelsinni afv etish, unga «jinoiy yoki ma’muriy tergovlardan daxlsizlik, jumladan uning hujjatlari, turar joyi va boshqa mulklarini tintuv va olib qo‘yishdan himoya qilish» edi.

Birinchi prezidentlik davrida Putin birinchi navbatda ichki ishlarga e’tibor qaratdi. Uning kun tartibida ikkita masala bor edi: Checheniston bilan urush va Yelsin davridagi oligarxlar.

2004 yilda Putin ikkinchi muddatga saylandi. U ichki ishlarga e’tibor qaratishda davom etdi, biroq ommaviy axborot vositalarini ta’qib qilgani uchun katta tanqidga uchradi.

2008 yilda Dmitriy Medvedev prezident etib saylandi. Bir kundan keyin u Putinni yangi bosh vazir etib tayinladi.

2012 yilda Putin uchinchi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. 2014 yil mart oyida Putin yilning eng murakkab va ziddiyatli geosiyosiy harakatlaridan biri «Qrim mojaro»sini yuzaga keltirdi.

Putin 2018 yilgi Rossiya prezidenti saylovida 76 foizdan ko‘proq ovoz bilan g‘alaba qozondi. 2018 yil 25 may kuni Putin 2024 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘ymasligini e’lon qilib, buni Rossiya konstitutsiyasiga muvofiq asoslab berdi.

2020 yil 15 yanvarda Medvedev va uning hukumati Putinning Federal Majlisga Murojaatnomasidan so‘ng iste’foga chiqdi. Putin prezidentlikdan keyin uning siyosiy vakolatini uzaytirishi mumkin bo‘lgan yirik konstitutsiyaviy tuzatishlarni taklif qildi.

2022 yil 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Vladimir Putin Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. «Voqealar rivoji va ma’lumotlar tahlili RF va Ukrainadagi millatchi kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuvining oldini olib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda, bu faqat vaqt masalasi», — dedi u urush boshlanganini e’lon qila turib. Putin shaxsiyati tarixda eng murakkab shaxs sifatida qoladi. Bugungi Ukraina mojarosi fonida rus liderining harakatlari Rossiya iqtisodiyotiga qattiq ta’sir qilmoqda. Tarix hech kimning hech qaysi harakatini unutmaydi.

Aktyorlikdan prezidentlikkacha
Teleboshlovchi, aktyor va shoumen Vladimir Zelenskiy 1978 yilning 25 yanvarida Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatida tavallud topgan. Uning otasi dasturchi, onasi esa muhandis edi. U oilasi bilan 4 yil muddat Mo‘g‘ulistonda yashagan. Yoshligida sport, pianino va raqs to‘garaklariga qatnashgan.

Vladimir Zelenskiy oddiy sovet yahudiy oilasida o‘sgan. Uning ko‘plab qarindoshlari Xolokost paytida (Ikkinchi jahon urushi vaqtida Germaniya, uning ittifoqdoshlari va bosib olgan hududlarda yashagan yahudiylarlarning ta’qib ostiga olinishi va qirg‘in qilinishi - tahrir) natsistlar tomonidan o‘ldirilgan.

Zelenskiy 2000 yilda Kiyev milliy iqtisodiyot universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Yuridik soha vakili bo‘lgan bo‘lajak Ukraina prezidenti komedik tanlovlarida qatnasha boshladi.

U «Liga Smexa» («Kulgi ligasi») komediya shousini olib borardi. Hatto 2006 yilda raqs tanlovida g‘olib chiqadi. Shuningdek, u «Paddington»ning ukraincha versiyasida multfilm ayig‘ini ijro etgan. Ammo uning eng muhim roli «Xalq xizmatkori» filmidagi tarix o‘qituvchisi Vasil Xoloborodko bo‘ldi. U prodyuserlik kompaniyasiga asos solgan va 2015 yilda premerasi bo‘lgan «Xalq xizmatchisi» satirik teleserialida Ukraina prezidenti rolida shuhrat qozongan. Ehtimol aynan shu rol orqali ukrain xalqi uni o‘z yetakchisi sifatida tasavvur qilishlariga zamin yaratgandir.

Keyin teleserial haqiqatga aylandi. Zelenskiy amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoga qarshi ikkinchi tur ovoz berishda ishonchli g‘alaba qozondi.

«Mening suratimni kabinetlaringizga osib qo‘ymasligingizni juda xohlayman», — dedi Zelenskiy inauguratsiya marosimida parlament a’zolariga. – «U yerda bolalaringizning fotosuratlarini osib qo‘ying va har bir qarordan oldin ularning ko‘ziga qarang».

Bir necha yil oldin Vladimir Zelenskiy televideniyeda Ukraina prezidenti rolini ijro etgan komik aktyor edi. Endi u o‘z mamlakatini Rossiya bilan ziddiyatlar davrida boshqarayotgan yetakchiga aylandi.

Zelenskiy o‘zini Kremlning «birinchi raqamli nishoniga» aylanganini aytsa-da, u poytaxtdan qochib ketishdan bosh tortib, Ukraina jamoatchiligining hurmatiga sazovor bo‘ldi. Buning o‘rniga u Kiyev ko‘chalarini aylanib chiqdi va ukrainaliklarni qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.

Zelenskiyning siyosiy faoliyati juda murakkab davrga to‘g‘ri kelmoqda va bu sinovni yengib o‘tish uchun unga metin iroda kerak bo‘ladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring