BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

BMT Suriyada 10 yil ichida necha kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi

2011 yilning martidan 2021 yil martigacha Suriyadagi mojarolarda 350 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet ma’lum qilgan.  

U BMTning Inson huquqlari kengashi sessiyasida o‘z idorasi tomonidan tayyorlangan hisobotni taqdim etgan. 

“Biz 2011 yil martidan 2021 yil martigacha Suriyadagi mojaro paytida halok bo‘lgan 350 209 nafar shaxslarning ro‘yxatini tuzdik”, degan Oliy komissar. 

Bacheletdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga 26 727 nafar ayol va 27 126 nafar bola kiritilgan. Ma’lum qilinishicha, eng ko‘p qurbonlar Aleppo viloyatida qayd etilgan — 51 731 nafar. Keyingi o‘rinlardan Damashq (47 483), Xoms (40 986), Idlib (33 271), Xama (31 993) va Tartus (31 369) joy olgan. 

Oliy komissarga ko‘ra, bu statistika “puxta ishlashga asoslangan”, lekin to‘plangan ma’lumotlar mojaro qurbonlarining to‘liq ro‘yxati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning haqiqiy soni, albatta, ko‘proq. 

Bacheletning aytishicha, uning idorasi odamlarning o‘limiga nima sabab bo‘lgani, shuningdek ularning fuqarolik yoki boshqa holati haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilishni boshlagan. 

“Qo‘shimcha tahlil qilish juda muhim va bu murakkab ishni davom ettirish uchun bizga ko‘proq vaqt hamda mablag‘ kerak”, deya xulosa qilgan u.

Fikr qoldiring