Zelenskiy imkon qadar ko‘proq rossiyaliklarni asirga olishga chaqirdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining kundalik videomurojaatida Soledar va Baxmut yaqinida eng og‘ir janglar ketayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ukrainaliklarga qarshi qo‘lidan kelgan barcha kuchlarni, jumladan, ikki ming «zek»ni ham tashladi. «Bu «zeklar» og‘ir jinoyatlari uchun uzoq muddatga hukm qilingan mahkumlardir. Ular nafaqat pul bilan, balki amnistiya va’dasi bilan ham frontda ushlab turilibdi. Rossiya davlati shu tariqa terrorga homiylik qilyapti, qamoqxonalarda qotillarni qidiryapti va ularga agar yana o‘ldirishni boshlashsa, ozodlikni va’da beryapti», — dediZelenskiy.

Uning fikricha, Rossiya terrorchi davlat sifatida tan olinishi kerakligiga dunyoda deyarli hech kim shubha qilmayapti.

Prezident Soledar va Baxmut yaqinida hamda boshqa yo‘nalishlarda pozitsiyalarni qahramonlarcha egallab turgan ukrainalik askarlarga minnatdorlik bildirdi.

Zelenskiy «almashinuv fondini to‘ldirishda natija bergan» bo‘linmalarga ham alohida minnatdorchilik izhor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya harbiylarini asirga olgan har bir kishi bizga qahramonlarimizni ozod qilish imkoniyatini beradi».

Uning qayd etishicha, Ukraina Rossiyada saqlanayotgan fuqarolarini esdan chiqarmagan, ularni ozod qilish kerak va buning uchun «imkon qadar ko‘proq okkupantlarni asirga olish lozim».

Bundan oldin Volodimir Zelenskiy Rossiya qo‘mondonligi safarbar qilingan ruslar «kamida bir necha hafta urushda omon qolishi»ni kutayotgani, shundan so‘ng yangilari frontga yetkazilishi haqida aytgandi.

«Ammo bu vaqt ichida rossiyalik generallarning o‘z xalqidan to‘p yemi sifatida foydalanishi himoyachilarimizga qo‘shimcha bosim yaratish imkonini beradi. Bu sezilarli bosim», dedi Zelenskiy.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring