Yunusobodda IIB xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi kelishmovchilik yuzasidan rasmiy izoh berildi

Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Yunusobod tumanidagi “Universam” bozorida ichki ishlar xodimlari va fuqaro o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik videosiga izoh berdi, deb yozmoqda "Daryo.uz" nashri.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videoda ichki ishlar organlari xodimlarining jamoat tartibini buzishni bas qilish haqidagi talablariga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan fuqaroning qo‘lga olinishi tasvirga tushgan. Ta’kidlanishicha, yerda yotgan ayol savdo mollari sumkasining ustiga yotib, xodimlar uni ichki ishlar bo‘limiga olib ketishiga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

Poytaxt IIBBning ma’lum qilinishicha, 13-dekabr kuni taxminan soat 15:00 larda Yunusobod tumani IIO FMB 5-son ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari podpolkovnik Sh. Alimqulov va kapitan D. Majidov “Universam” savdo kompleksi yaqinidagi yerosti yo‘lagida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi hamda bu bilan boshqa fuqarolar uchun noqulayliklar tug‘diruvchi shaxslarga nisbatan chora ko‘rish haqidagi ko‘plab murojaatlardan so‘ng voqea joyiga yetib kelib, yerosti yo‘lagida savdo mollarini terib qo‘ygan ayol, erkak va yigitni ko‘rgan.

Реклама на Unews

“Mazkur shaxslar noqonuniy savdoni to‘xtatib, savdo mollarini yig‘ishtirish va yo‘lakni fuqarolar uchun bo‘shatish to‘g‘risidagi ogohlantirishlarga rad javobini berdi. Savdo qoidalarini buzganlik uchun qonun bilan belgilangan javobgarlik haqidagi ogohlantirishlarga ayol va erkak qo‘pol tarzda javob berib, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini aytgan.

Bundan tashqari, ular janjal ko‘tarib, atrofdagilarning e’tiborini tortgan, ularning o‘g‘li bo‘lgan yigit esa xizmat burchini ado etayotgan ichki ishlar organlari xodimlari bilan mushtlashmoqchi bo‘lgan. Voqea joyiga patrul-post xizmati xodimlari yetib kelishganda ham yigit huquqbuzarlikni bas qilmasdan, patrul-post xizmati xodimining yuziga urgan. Shu sababli, xodimlar yigitning qo‘llariga kishan solishga majbur bo‘lgan va uch nafar tartibbuzarning shaxsini aniqlash va keyingi surishtiruvlar uchun 5-son IIBga olib ketilgan”, — deyiladi xabarda.

 

Реклама на Unews

Qayd etilishicha, yerosti yo‘lagida noqonuniy savdo qiluvchi shaxslar tomonidan kelib chiqqan tartibbuzarlik va noqulayliklardan norozi bo‘lgan o‘ndan oshiq hodisa guvohlari ko‘rsatma berish maqsadida ichki ishlar bo‘limiga ixtiyoriy ravishda yetib kelgan. Huquqbuzarlar – Navoiy viloyatidan bo‘lgan 43 yoshli A. va 42 yoshli X.T. hamda ularning o‘g‘li 19 yoshli A.X. ekanligi aniqlangan.

Hodisa yuzasidan tergovoldi tekshiruvi o‘tkazilayotgani aytiladi.

Avvalroq Chorsuda Milliy gvardiya xodimlari bir yigitni kuch ishlatib olib ketishga uringani, ammo aholi qarshiligiga duch kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring! 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring