Ukraina 186 nafar rossiyalik harbiy jinoyatchini aniqladi

Ukraina tergov organlari harbiy jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgan 186 nafar rossiyalikning shaxsini aniqladi, deb ma’lum qildi Ukraina bosh prokurori Kostin. Sudlarga 45 ta ish yuborilgan, 10 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarilgan.

Ukraina 186 nafar rossiyalik harbiy jinoyatchini aniqladi, deb ma’lum qildi 13 oktabr, payshanba kuni Haagada bosh prokuror Andrey Kostin. Biroq ularning kichik bir qismi hibsda, dedi u. Kostinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan agressiyasi davrida qiynoqlar, qotilliklar, zo‘rlashlar, odamlarni doimiy yashash joylaridan haydab chiqarish kabi harbiy jinoyatlar sodir etilgan – bu jinoyatlarning ko‘lami juda katta. Bosh prokurorning ta’kidlashicha, 45 ta holat bo‘yicha tergov yakunlanib, materiallar sudga taqdim etilgan, 10 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlangan.

Bundan tashqari, Yevropaning Eurojust agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bir qancha Yevropa davlatlarida Ukrainadagi urush davri harbiy jinoyatlari bo‘yicha 20 ta tergov boshlangan. Yevroittifoqning yettita davlati va Haagadagi Xalqaro jinoiy sud ularning xatti-harakatlari bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Ruminiya payshanba kuni ushbu guruhga qo‘shildi.

Kostinning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik tergovchilar Rossiyaning Ukraina shaharlariga keng ko‘lamli raketa hujumlaridan so‘ng ma’lumot yig‘ishmoqda. U ularni «terror xurujlari» deb atadi va ular uchun mas’ul bo‘lganlar javobgarlikka tortilishiga va’da berdi. «Fuqarolar nishoniga tegayotgan har bir raketa, har bir portlash – hammasi hujjatlashtirilgan», — dedi Ukraina bosh prokurori. Rossiya va Ukraina urushi

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring