Turkmanistonda yuzlab mahbuslar Ukrainadagi urushga yuborilgani ma’lum qilindi

Turkmanistonda kamida 500 nafar rus tilida so‘zlashuvchi mahbuslarni yig‘ib, Moskvaga yuborishgan, so‘ng ular Vagner guruhi tarkibida Ukrainadagi urushga jo‘natilgan. Bu haqda turkmanistonlik muxolifatchi siyosatchi Murod Qurbonov mahalliy faollarga tayanib ma’lum qildi.

Mahbuslarga, go‘yoki, Rossiya pasportlari berilgan, ular o‘n kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan, shundan keyin ularning hammasi frontga jo‘natilgan. Shartnoma bo‘yicha jang qilish evaziga sudlanganlikni olib tashlashni va 1000 dollar to‘lashni va’da qilishmoqda.

Turkmaniston fuqarolarining o‘limini esa mahalliy maxsus xizmatlar koronavirusga yo‘ymoqda, ularning jasadlari qarindoshlariga berilmasligini shu bilan izohlamoqda.

Avvalroq «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va Rossiya Mudofaa vazirligi «yollovchilari» butun mamlakat bo‘ylab 15 130 nafar mahbusni urushga olib ketgani ma’lum qilingan edi.

OAVlarda iyul boshida Vagner xususiy harbiy kompaniyasi Rossiya koloniyalaridagi mahbuslarni yollayotgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. Kompaniya vakillari mamlakatning 13 ta mintaqasidagi 21 ta koloniyada borgani xabar qilingan.

«Mediazaona» ma’lumotlariga ko‘ra, mahbuslar orasida tashviqot olib borish uchun biznesmen Yevgeniy Prigojinning shaxsan o‘zi ham borgan, u Vagner xususiy harbiy kompaniyasi egasi hisoblanadi. Jangovar harakatlarda qatnashish evaziga mahbuslarga 100 ming rubl maosh, mukofot pullari, ular halok bo‘lgan taqdirda, oilalariga to‘lovlar, shuningdek, yakunda aministiya va’da qilingan.

Keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina bilan urushga mahbuslarni ham jalb qilishni boshlagani, ulardan «Shtorm» maxsus otryadi tuzilayotgani, uning tarkibiga huquqni muhofaza qilish organlarining mahkum xodimlari kirayotgani xabar berildi.

Rossiyada mehnat muhojirlari urushga yuborilmoqdami?
Avvalroq rossiyalik jurnalist va teleboshlovchi Olga Romanova MDH mamlakatlari fuqarolari Rossiya tomonidan urushga jo‘natilayotganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlar ixtiyoriy harbiy xizmat haqida shartnomalar tuzishga majburlanayotgani haqida huquq himoyachisi Valentina Chupik ham aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 20 sentyabr kuni Rossiya Davlat dumasi yangi qonun qabul qildi, unga muvofiq, armiyada bor-yo‘g‘i bir yil xizmat qilganlar ushbu mamlakat fuqaroligini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi.

Shundan keyin O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, ularni chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanish javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirgandi. Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi fuqarolarni harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.

Shuningdek, Rossiyadagi harbiy xizmatga chet el fuqarolari, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlari majburiy chaqirilishi haqidagi mish-mishlar rad etildi. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, internetda tarqalgan bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Vagner guruhi o‘zi qanday guruh?
Vagner guruhi birinchi marta Ukrainada 2014 yilda paydo bo‘lgan va Rossiyaning Qrimni egallab olishida muhim rol o‘ynagan edi.

Unga maxsus topshiriqli bo‘linma sobiq jangchisi Dmitriy Valerevich Utkin asos solgan deb hisoblanadi, u guruhga Gitlerning sevimli kompozitori Richard Vagnerning nomini bergan.

Ko‘plab G‘arb OAVlari Vagner guruhi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vladimir Putinga bo‘ysunishini yozadi. Uning yollanma jangchilari bolalarni o‘ldirish, ayollarni zo‘rlash va qiynoqqa solish, shuningdek, shafqatsiz qotilliklarda ayblanib keladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring