Toshkentda poezd urib yuborgan 14 yoshli qiz koma holatida

Shu kunlarda, yuk poezdi urib yuborgan 14 yoshli qiz ishtirokidagi baxtsiz hodisa keng jamoatchilikning muhokamalariga sabab bo`lmoqda. "O`zbekiston temir yo`llari" AJ Axborot xizmatining xabar qilishicha, hozirda ushbu qiz to`rtinchi darajadagi koma holatida.

Ma`lum qilinishicha, ushbu hodisa “Toshkent-tovar” va “Xamza” temir yo`l stansiyalar peregonida sodir bo`lgan. Kuni kecha yana bir baxtsiz hodisa yuz berdi. Unda, “Yalang`och” va “Salar” stansiyalarning oralig`ida o`z joniga qasd qilishga harakat qilgan qiz o`zini poezd ostiga tashladi. Ayni paytda u shifoxonada. Tergov organlari tomonidan yuqoridagi holatlar bo`yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Hozirda yana boshqa sodir bo`lgan voqea yuzasidan mutasaddilar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ya`ni, joriy yilning 8 fevral kuni poytaxtimizning Yashnobod tumanida, tartibga solinmaydigan temir yo`l kesishmalaridan birida teplovoz va "Cobalt" rusumli avtomashina ishtirokida to`qnashuv sodir bo`ldi. Natijasida hech kim jabrlanmadi va hozirda yuz bergan hodisa tafsilotlari Toshkent shahar YHXB IIBB tomonidan o`rganilmoqda.

Реклама на Unews

"Bunday holatlarning takrorlanishini hisobga olgan holda, shuni ma`lum qilamizki, tegishli tarkibiy tuzilmalar, tashkilotlar va joylardagi mutasaddilar tomonidan muntazam ravishda temir yo`l yaqinida istiqomat qiluvchi aholi va transport vositalari egalari bilan temir yo`lda xavfsizlikka rioya etish to`g`risida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Profilaktik suhbatlar, qator uchrashuvlar, mavzu doirasida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo`lib, ayniqsa, bu borada maktab o`quvchilari va o`smirlar bilan ishlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Yana bir bor eslatib o`tmoqchimizki, barcha yo`l harakati ishtirokchilari temir yo`l kesishmalaridan o`tish va polat izlarida piyodalar harakati qoidalarining talablariga birdek rioya etishlari shart! Barchadan alohida e`tibor va o`ta ehtiyotkorlik talab qilinadi. Jumladan, piyodalarning temir yo`lni kesib o`tishlari uchun maxsus ajratilgan va jihozlangan joylar, piyodalar ko`priklari va maxsus o`tish yo`lak mavjud. Avtotransport vositalarida harakatlanayotgan haydovchilar tartibga solinadigan va tartibga solinmaydigan temir yo`l kesishmalaridan foydalanish qoidalarini buzmasliklari shart!"- deyiladi Jamiyat xabarida.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring