Toshkent havosining sifatsizligi va zararliligi bo‘yicha dunyoda bugun ham 1-o‘rinda

Ayni paytda Toshkent shahrida yog‘ingarchilik kuzatilmoqda. Ammo shahar havosi iflos va sifatsizligi bo‘yicha 18 oktabr soat 12:33 holatiga dunyoda 1-o‘rinda turibdi. Bu haqda AQSHning Havo sifati indeks platformasi reytingi xabar bermoqda.

Foto: «iqair.com»
Platformada Toshkent havosi 168 birlik, ya’ni inson sog‘lig‘i uchun zararli darajada qayd etilgan. Mutaxassislar 151 birlikdan 200 birlikkacha bo‘lgan havo sifatini salomatlik uchun zararli degan xulosa bergan. Agar bu ko‘rsatkich 201 dan 300 gacha bo‘lsa, juda zarurli, 300 birlikdan oshganda esa xavfli nuqtaga yetadi. Kecha, 17 oktabr kuni soat 22:00 holatiga poytaxtda havoning ifloslanish darajasi 288 birlikka ko‘tarilgandi. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Telegram’dagi kanalida post qoldirib, havo sifatining pasayish darajasi to‘g‘risida fikr bildirgan.

Ayni daqiqalarda (soat 23:30) Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi «binafsharang» xavfdan «qizil» xavf tomon o‘zgarmoqda. Ertaga kunduz kuni (18 oktabr) havoning ifloslanishi «sariq», keyinroq esa «yashil» darajaga pasayishi prognoz qilinmoqda, – deya qayd etgan tadqiqotchi. Ammo hozircha havo «qizil» xavf darajasida, ya’ni 151 birlik bilan 200 birlik orasida.

Kecha, 17 oktabr kuni Toshkent havosining iflosligi bo‘yicha dunyoda 1-o‘ringa chiqqani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, saytimizda Toshkent havosining bu qadar ifloslanishiga nimalar sabab bo‘lgani to‘g‘risida iqlimshunos Erkin Abdulahatov bilan intervyu e’lon qilindi. Mutaxassis bu borada bir necha sabablarni keltirdi. Vaziyatni esa faqatgina yomg‘ir yaxshilashi mumkinligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zgidromet» 17 oktabrda O‘zbekistonning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi haqida xabar bergandi. Bunday sharoitda poytaxt aholisi va mehmonlariga imkoni boricha uydan chiqmaslik, ko‘chada bo‘lganda tibbiy niqob taqish va uni har bir soatda almashtirish lozimligi, nafas qaytishi, burun bitishi, aksa urish, tumov, ko‘zlar qizarishi va qichishishi, tomoqda qattiq qichishish, yo‘tal paydo bo‘lganda zudlik bilan allergolog shifokorga murojaat qilish kerakligi tavsiya etilgan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring