BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

Tezkor xabar! Toshkent shahrida COVID poliklinikalar ish boshladi

Toshkent shahrining 12 ta tumanida maxsus COVID poliklinikalari faoliyat boshladi. Ular har kuni 24 soat davomida ishlaydi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

So‘nggi kunlarda dunyoda koronavirus infeksiyasi yana avj oldi. Ayniqsa, kasallikning Omicron shtammi sababli qator mamlakatlarda vaziyat ancha tahlikali. Shu sababli ko‘plab davlatlar keskin karantin choralarini qo‘llash orqali murakkab vaziyatni izga solishga urinmoqda.

Yurtimizda ana shu kabi salbiy holatlarning oldini olish, xususan, koronavirus infeksiyasi aniqlangan, biroq xastalik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish, ularga ambulator va uyiga borgan holda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida kunlik ko‘rsatkichlar sezilarli darajada oshib borayotgan Toshkent shahrining 12 ta tumanida 1 tadan maxsus poliklinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi yaqin bo‘lgan 4 ta dispanser hamda 8 ta oilaviy poliklinika binosida ish boshlagan mazkur muassasalar aholiga har kuni 24 soat davomida xizmat ko‘rsatadi. Har bir muassasaga shifokorlar bilan bir qatorda, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining yetakchi mutaxassislari ham jalb qilingan.

 Shuningdek, bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, ekspress-test, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan ta’minlangan.

Murojaat qilgan bemorlar og‘irlik darajasiga ko‘ra saralanib, ahvoli yengil fuqarolarga uyda davolanishlari uchun zarur tavsiya va koronavirusga qarshi dori-darmonlar bo‘lgan «COVID-box»lar beriladi. Bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa, zudlik bilan maxsus shifoxonaga yuboriladi.

Bundan tashqari, koronavirus kasalligiga qarshi emlash ishlarini samarali olib borish maqsadida poytaxtimizdagi 12 ta ko‘p tarmoqli va 66 ta oilaviy poliklinikalarda maxsus mobil brigadalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni shiddat bilan oshmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida vaziyat murakkablashib bormoqda.

Fikr qoldiring