Telegramdagi «E`zozaga yordam» xayriya guruhi niqobi ostidagi firibgar "ona" fosh etildi

Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy hudud xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, telegram tarmog`i orqali xayriya uchun deb 10 million so`m va 1 400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo`li bilan o`zlashtirayotgan  shaxs Samarqand shahrida qo`lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig`ining Matbuot kotibi ma`lum qildi,  deb yozmoqda "Darakchi.uz" nashri.

Ko`pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ma`lumki, telegram tarmog`ida «E`zozaga yordam» xayriya guruhi tashkil qilingan edi. Bu guruh orqali saxovatli va ko`ngilli insonlar og`ir xastalikka chalingan hozirda 3 yosh bo`lgan  E`zozaning davolanishi uchun yordam berib kelmoqdalar. Ammo, guruch kurmaksiz bo`lmaydi deganlaridek xayriyani niqob qilgan ba`zi qo`shtirnoq ichidagi shaxslarning qilmishlarini hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi.

2020 yilning 13 avgust kuni Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy hudud boshlig`i nomiga Chirchiq shaharda yashovchi E`zozaning otasi fuqaro E.Gulmetov ariza bilan murojaat qiladi. U o`z arizasida no`malum ayol uning qizi E`zozaga tegishli bo`lgan ma`lumotlarni o`zlashtirish orqali telegram ijtimoiy tarmog`ida tashkil etilgan «E`zozaga yordam» guruhida o`zini go`yoki E`zozaning onasi deb tanishtirib, firibgarlik yo`li bilan xayriya pullarini o`zlashtirayotgani haqida bayon qilib, unga tegishli chora ko`rishni so`raydi.

Реклама на Unews

Holat yuzasidan IIBB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surushtiruvlar davomida ushbu ayolning E`zozaga yoki uning yaqin qarindoshlariga hech qanday aloqasi yo`qligi aniqlanadi va jinoyatni barvaqt oldini olish hamda issiq izida fosh etish maqsadida tezkor tadbir tashkil etildi.

Tadbirga o`z ixtiyori bilan ko`maklashishga rozilik bildirgan E`zozaning otasi internetdagi noma`lum ayol bilan shartli ravishda «saxovatli inson» bo`lib telefon orqali muloqotga kirishadi. Shunda, ayol E`zozaning onasi ekanligini va qizchaning kunlik muolajalari uchun zudlik bilan 25 million so`m pul zarurligini, uning ahvoli og`irligini va o`zi Samarqand viloyatida ekanligini aytib, xayriya pullarini olish uchun Toshkent shahrida ichki ishlar xodimi bo`lib ishlovchi tanishini yuborishini aytadi.

Shundan so`ng, tadbirga IIV O`XB Toshkent viloyati bo`yicha bo`limi xodimlari ham jalb etiladi va soat 17:30 larda belgilangan joyga kelib «saxovatli inson»ga o`zini ichki ishlar organlarida xizmat qiluvchi deb tanishtirgan Shavkat ismli shaxs xayriya sifatida berilayotgan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida tadbir qatnashchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlanadi.

Реклама на Unews

Tekshiruv davomida, u aslida 1981 yilda Samarqand shahrida tug`ilgan «Samarqand-Toshkent» yo`nalishida yo`lovchi tashish bilan shug`ullanuvchi Shavkat B. ekanligi va biron-bir huquqni muhofaza qiluvchi organda xizmat qilmasligi aniqlanadi.

Ushlangan shaxs bilan o`tkazilgan suhbat davomida, unga no`malum ayol qo`ng`iroq qilib, Toshkent shahrida 10 million so`m va 1 400 AQSh dollari miqdoridagi pullari borligini, faqat pulni olayotgan odamiga o`zini IIO xodimi deb tanishtirishini iltimos qilganligini va buning evaziga 200 ming so`m pochta puli olishga kelishganini ma`lum qiladi.

Haydovchi Shavkat B. o`z ixtiyori bilan tezkor tadbirni davom ettirishga rozilik bildiradi.

14 avgust kuni Samarqand viloyati Samarqand shahrida tezkor tadbir davom ettirilib, firibgarlikda gumonlanuvchi ayol haydovchi Shavkatdan kelishilgan pullarni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo`lga olinadi.

Firibgarlikda gumonlangan shaxs 2001 yilda tug`ilgan, turmushga chiqmagan Samarqand shahrida yashovchi M.M.ekanligi aniqlangan. O`tkazilgan suhbat davomida, u telegram ijtimoiy tarmog`ida faol ekanligi va bir biridan farq qiluvchi 8 ta profildan foydalanishi ularning 4 tasi AQSh raqamlaridan ochilganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan, fuqaro M.M.ga nisbatan Qibray tumani IIB TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a”-bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ushbu holat yuzasidan voqea joylarida tushirilgan tezkor tasvirlar yaqin vaqt ichida video kontent tarzida namoyish etiladi, deyiladi IIBB Axborot xizmati xabarida.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring