Talaba ko`p, turar-joy esa... Yoxud yana ijara muammolari

Azim poytaxtda ta`lim olish, bu erda yashash ko`pchilikning orzusi. To`g`rida, barcha qulayliklar mujassam bo`lgan yangi uylar, ko`zni quvnatuvchi binolar, bir-biridan go`zal ko`ngilochar maskanlar kimga yoqmaydi? Biroq bularning barchasi Toshkentga etib kelgungacha bo`lgan orzular. Bu erga kelgach, asl hayotni ko`rgan talabalar aslida hammasi ular o`ylaganchalik oson emasligini bir deganda ­anglab olishlari mumkin. Nega ­deganda, talaba bo`ldim, endi Toshkentda o`qiyman, deb yo`lga chiqqan talabaning birinchi o`yi qaerda yashayman, yotoqxona berisharmikan, ijaraga uy topa olamanmi, degan savollar bo`ladi. Oralarida bu erda qarindoshining uyi bo`lgan bir yoki ikki nafar “omadli”si bo`lishi mumkin. Ammo ular ham vaqtinchalik omadlilar. Baribir muqim yashashlari uchun biror joyni hal qilishlari kerak. Universitet yotoqxonasi barcha talabalarni o`z bag`riga ololmaydi, kvartiralarda ijara narxi esa qimmat. Hamma mashmasha ana shundan boshlanadi. Poytaxt haqidagi go`zal xayollar o`rnini quyuq tuman qoplaydi.

YoTOQXONALARIMIZ QANChA TALABANI QAMRAB OLOLADI?

Keling, shu o`rinda statistikaga e`tiborimizni qaratamiz. 2020 yil sentyabr holatiga ko`ra, respublikadagi oliy ta`lim muassasalari soni 123 taga etdi. Jumladan,

Реклама на Unews

* davlat oliy ta`lim muassasalari – 93 ta,

* nodavlat oliy ta`lim muassasalari – 8 ta,

* xorijiy OTMlar va filiallari – 22 ta.

Реклама на Unews

Bular harbiy va diniy oliy ta`lim muassasalari, shuningdek magistrlar tayyorlash huquqi berilgan ayrim tarmoq ta`lim muassasalaridan tashqari.

So`nggi to`rt yilda qabul kvotalarining oshirilgani natijasida oliy ta`lim muassasalaridagi talabalar soni deyarli ikki barobarga ko`paydi. Biroq talabalar kontingentining ortishi bilan paydo bo`ladigan yangi vazifalar, jumladan, oliy ta`lim muas­sasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, kengaytirish, ularning quvvatini oshirish, talabalarni turar-joy bilan ta`minlash kabi muhim vazifalar borasida olib borilayotgan ishlarni qoniqarli, deb bo`lmaydi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirovning 2019 yil 10 oktyabrda bergan ma`lumotiga ko`ra, hozirgi kunda mamlakatimizdagi 93 ta mahalliy va 22 ta xorijiy oliy ta`lim muassasalari va filiallarining 81 tasida jami 49188 o`rinli 189 ta talabalar turar-joyi mavjud, xolos. Ulardagi talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham talab darajasida emas. Ularning bir qanchasi kapital ta`mirga muhtoj. Ammo talablarga javob bermaydigan, etarli sharoit yaratilmagan talabalar turar-joyidan boshpana topgan yoshlar o`zini omadli, deb hisoblashi mumkin. Chunki o`rganishlar natijasiga ko`ra, bugungi kunda 56 mingga yaqin talabada talabalar turar-joyiga ehtiyoj mavjud. Shuningdek, 85 mingga yaqin talaba ijara xonadonlarida yashaydi. Ayniqsa, Toshkent shahrida ijarada yashayotgan talabalar har oyda 300 mingdan 500 ming so`mgacha ijara uchun pul to`lab yashayotgani, aksariyatining oilasi uchun qiyinchilik tug`dirishi tabiiy hol.

BIR TALABANING OYLIK XARAJATI

Mavzuning asl mohiyatini yanada yaxshiroq tushunish uchun keling, birgalikda talabaning bir oylik xarajatlarini o`rtacha miqdorda hisoblab chiqamiz.

Ijara o`rtacha narxi: 

400 ming so`m (kamida ikki nafar sherik bilan bo`lganda);

oziq-ovqat uchun o`rtacha: 300 ming so`m (kamida ikki nafar sherik bilan bo`lganda);

oylik yo`l chiptasi: 60 ming so`m (talabalar uchun, ammo faqat jamoat transportining bir turi uchun);

kunlik ovqatlanish: 10 ming so`m (1 oyda 260 ming so`m);

O`quv qurollari va olinishi kerak bo`lgan ba`zi kitoblar uchun: 100 ming so`m.

Jami: 1 mln. 60 ming so`m

Endi o`zingiz o`ylab ko`ring, bir oyda bitta talaba 1 mln. 60 ming so`m sarflasa, 10  oyda bu mablag` 10 mln. 600 ming so`mga aylanadi (2 oylik yozgi ta`tildan tashqari hisoblansa). Uning kontrakti o`zi eng kamida 10 mln. so`mdan oshadi. Shunda talabaning bir yillik xarajati o`z-o`zidan 20 mln. 600 ming so`mdan ham ko`pga tushadi. Xo`sh, bu oilada bir emas, ikkita talaba bir vaqtda o`qisa-chi? Bu xarajatlar yana shunchaga ko`payadi, degani. Gazetaning o`tgan sonidagi maqolamizda ham aytgandik, O`zbekistondagi o`rtacha oylik 3 mln.ga ham etmay turgan bir vaqtda ota-onalar buncha pulni qaerdan topib berishsin? To`g`ri, hozir yurtimizda pandemiya. Istaganlar masofadan turib o`qiyapti. Ammo karantin tugagach, yana oddiy hayot tarziga o`tamiz. Birinchi kurs talabalari esa allaqachon an`anaviy o`qishga o`tishdi.

MA`LUMOT UChUN

2019-2020 yillar manzilli ro`yxatiga kiritilgan qurilish ishlari doi­rasida 2400 o`rinli yangi talabalar turar-joylari qurilishi rejalashtirilgan. Biroq yuqorida keltirilgan talabalar turar-joylariga bo`lgan ehtiyoj haqidagi ma`lumotlarni hamda kelgusi o`n yilda oliy ta`lim muassasalari uchun qabul kvotasini maktab bitiruvchilar soniga nisbatan 50 foizgacha oshirish vazifasi belgilanganini (u holda jami talabalar soni hozirgidan 3-4 barobarga ortadi) inobatga oladigan bo`lsak, ishlarning shu sur`atda davom etishida talabalar turar-joyiga bo`lgan ehtiyojni 50 yilda ham qoplab bo`lmaydi.

TOShKENTDA MUAMMOGA AYLANAYoTGAN TALABALAR TURAR-JOYI MUAMMOSINING SABABLARI NIMA?

Toshkentda talabalar turar-joy muammosi quyidagi omillar sabab jiddiy tus olmoqda:

 • Oliy ta`lim muassasalariga 2016 yildan buyon qabul kvotalarining qariyb 2 barobar oshganligi;

• Poytaxtda yangi universitetlar ochilganligi va ochilayotganligi;

• Respub­likadagi OTMlarning yarmidan ko`pi Toshkentda joylashganligi;

• Yangi tashkil etilayotgan nodavlat OTMlar faqatgina o`quv binosiga ega bo`lib, yotoqxonasi mavjud emasligi.

JAHON TAJRIBASIGA YuZLANAMIZ

Biz har sohada jahon tajribasidan andoza olishga o`rganganmiz. Shunday ekan, bu sohada ham jahon tajribasiga yuzlanamiz. Misol uchun, butun dunyoda ko`pgina universitetlar shahar chetida bo`ladi, toki talabaning fikri chalg`imasin, yotoqxona qurish oson bo`lsin yoki arzon uy topilsin, degan maqsadda. Sababi, o`zimizdan ham ma`lumki, shahar markazida ijara narxi qimmat va atrof sershovqin.

MUAMMONI QANDAY HAL QILISh MUMKIN?

Bugungi kunga kelib biz ham ancha-muncha yangi uylarni qurib bitkazib, o`z egalariga topshirib bo`ldik. Aytish mumkinki, bu sohada birmuncha tajribaga egamiz. Endi xuddi shunday ko`pqavatli binolar universitetlar yonidan bir xonasi 2 yoki 3 kishiga mo`ljallangan qilib qurilsa. Narxini esa yotoqxonalarimizdan birozgina farqli belgilasak ham talabalarimiz “jon” deb rozi bo`lishlari aniq. Uzoqdan arzon kvartira qidirib, “oltin davrlari” yo`lda avtobus kutib o`tgandan ko`ra, oliy ta`lim muassasasi yonidagi yangi, ixcham, muhimi faqat talabalar uchun mo`ljallangan binoda yashashni ko`pchilik afzal bilsa kerak. Kichik bo`lsa-da, barcha sharoitlari bo`lgani uchun bunday uylarga talabalar tez ko`nikadi. Asosiysi, talabalar bir olam yuklarini ko`tarib, ijarama-ijara ko`chib yurishdan, beqaror hayotdan va hamyonini hisobga olib haddan ziyod ko`pchilik bo`lib turishdek muammodan qutulishadi. Shunda ularni, ya`ni kelajagimiz egalarini ilm olishdek savobli ishdan hech narsa chalg`itolmaydi...

Mohinur RUSTAMOVA

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring