Shavkat Mirziyoyev Zafar Ro‘ziyevga Qashqadaryoni boshqarishga imkon berganini o‘z xatosi sifatida tan oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatining sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyevni «aqlsiz, bilimsiz va iqtisodiyotni bilmaydigan rahbar» deb atagan. Bu haqda «Daryo» xabar berdi, deb yozmoqda "Zamin.uz" nashri. 

Shavkat Mirziyoyev 12—13 noyabr kunlari Qashqadaryoda bo‘lib, iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish, odamlar hayotini yaxshilash bo‘yicha viloyatda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. 13 noyabr kuni esa Qarshi shahrida yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident yig‘ilishda Qashqadaryoning sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyevni keskin tanqid qilgan (avvalroq davlat rahbari viloyat ko‘rsatkichlari pastligiga aynan Zafar Ro‘ziyev aybdorligini ta’kidlab, «u sharmanda qilgan ekan», degani haqida xabar berilgan edi).

«Na bilimi, na saviyasi bor, iqtisodiyot, investitsiyani tushunmaydigan rahbar 4—5 yil boshqargani uchun Qashqadaryo hamma viloyatdan orqada qolib ketdi. Bu, albatta, mening ham xatoyim», — deb tan olgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tashrifdan maqsad viloyat mas’ullari bilan hudud rivojiga turtki berish ekanligini aytib: «Qashqadaryoga o‘zining rivojlanish yo‘lini topib bermasak, kech bo‘ladi», — deb aytgan. Ta’kidlanishicha, oxirgi 10 yilda viloyatning YAIMdagi ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.

Zafar Ro‘ziyev 2013 yil sentabridan 2019 oktabriga qadar Qashqadaryo viloyatiga hokimlik qilgan. U 2019 yilning 26 oktabr kuni viloyatning butun rahbariyati bilan birga iste’foga chiqqan (o‘shanda hokimning ishdan olinishi sabablari ochiq ma’lum qilinmagan), shu kunning o‘zida Jizzax viloyatining Zarbdor tumaniga hokim etib tayinlangan.

2020 yil noyabrida Zarbdor tumaniga hokimlik qilayotgan Zafar Ro‘ziyev Captiva xizmat avtomobili bo‘la turib, uchinchi chorakda daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismidan salkam 370 million so‘mga Trailblazer avtomobilini sotib olgani ma’lum bo‘lgan edi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring! 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring