Shavkat Mirziyoyev: “Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz”

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-sentabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning o‘sish nuqtalaridan biri, aholi bandligini ta’minlashning katta manbaнi bo‘lgani sababli mamlakatda bu sohani rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilinib, barcha zarur sharoitlar yaratib berildi. Endi hokimlar va sektor rahbarlari ishni to‘g‘ri tashkil etib, yangi korxonalar ochilishi, ularning yashovchanligi, mahsulotlari hajmi, yaratilgan ish o‘rinlari bo‘yicha natija qilishi kerak.

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 1-maydagi qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o‘rganildi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o‘rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “o‘rta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.

Реклама на Unews

Videoselektor yig‘ilishida ushbu tahlillar asosida joylardagi muammolarni hal etish, ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lgan hududlarga ko‘maklashish choralari muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleksga kiruvchi vazirlik va muassasalar “tadbirkorga xizmat qiluvchi” tashkilotga aylanishi zarurligi ta’kidlandi. “Qoniqarsiz” deb baholangan tuman va shaharlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, “yaxshi” hududlarning tajribasini ommalashtirish muhimligi qayd etildi.

Реклама на Unews

Foto: Prezident matbuot xizmati

Misol uchun, Samarqand tumanida hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 1,1 trillion so‘mni tashkil etib, aholi jon boshiga 4,5 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bu Samarqand viloyatidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shuningdek, 508 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, yangi ish o‘rinlarining 71 foizi kichik biznesda ochilgan. Mahalliy budjet tushumlari so‘nggi uch yilda 2 baravar ortgan.

Shuningdek, Qamashi tumanida so‘nggi uch yilda 802 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, ishlamayotgan 132 ta korxona qayta tiklangan. Eksport hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 barobar oshgan.

Aksincha, Nukus, Baliqchi, Bekobod, Xovos, Baxmal, Mirzacho‘l, Yangiqo‘rg‘on, Shovot, Kasbi, Qumqo‘rg‘on, Uchtepa kabi tumanlardagi ahvol qoniqarsiz. Masalan, Qumqo‘rg‘on tumani tadbirkorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Surxondaryo viloyatida eng oxirgi o‘rinlardan birida. Lekin u yerda 124 ming gektar yaylov va 48 ming gektar oborotdan chiqqan yer bor. Ulardan samarali foydalanish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmagan.

Bekobod tumanida ham kichik biznes ulushi respublikadagi eng so‘nggi o‘rinlardan birida. Tumanda yiliga 10 ming tonna paxta, 100 ming tonna don yetishtirilsa-da, qayta ishlanmaydi.

Mutasaddilarga “qoniqarsiz” deb baholangan tumanlarda muhandislik kommunikatsiyalarini yaxshilab, kichik sanoat zonasi tashkil etish, yaylovlarda chorvachilik, qorako‘lchilik, yilqichilikni rivojlantirish, chegaraoldi savdo va xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan tuman va shahar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari maoshiga 30 foiz ustama tayinlanib, ahvol qoniqarsiz bo‘lgan hududlar rahbarlariga jarima qo‘llanishi aytib o‘tildi.

“Odamlarimiz turmushini yaxshilashga harakat qilmagan rahbar bir kun ham ishlamaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Qoniqarsiz” hamda “o‘rta” deb baholangan tuman va shaharlarda inqirozga qarshi boshqaruv tizimi joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, ularga rahbarlik qilish istagini bildirgan har qanday talabgor hududni rivojlantirish dasturini mahalliy kengashlarda himoya qilishi mumkin. Xalq vakillarini ishontira olgan salohiyatli kishilar butun jamoasi bilan tumanga rahbar etib tayinlanadi.

“Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz”, — deya ta’kidladi Prezident.

Avvalroq O‘zbekistonning ba’zi tumanlari rahbarlari sanoatni rivojlantirishdagi yaxshi natijalari uchun pul mukofoti olgani haqida xabar berilgandi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


1 ta fikr

Fikr qoldiring
  1. 26-09-2020 Dondi

    Halq saylasa yaxshi bo'lardi. Tez fursatlarda bunga erishamiz degan umitdaman.

    Javob yozish

Fikr qoldiring

Barcha sharhlarni ko'rish