Rossiya-Ukraina: kim kimga «sovg‘a» tayyorlayapti?

Siyosatchilar, iqtisodchilar va yuristlar bugun urush vaziyatiga o‘z qarashlarini bildirmoqda. Biroq, bu munosabatlar tor doirada ekanligi, faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgani bor gap. Shu sabab ham Rossiya-Ukraina urushida xolis, aniq munosabatlar kam. Biroq, bunga ehtiyoj bor. Sababi, urushning bizga, ayniqsa ko‘psonli fuqarolarimiz Rossiyada bo‘lgan bir sharoitda muhim. Shu sabab AzonTV onlayn telekanalining “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvida “Rossiya-Ukraina: kim kimga “sovg‘a” tayyorlayapti?” mavzuida mutaxassislar bilan suhbat tashkil etildi.

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev, jurnalist:
– Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishadi. Shu jarayonda bir masala bor: kimning iqtisodi katta bo‘lsagina ana shunday xalqaro tashkilotlardan ko‘proq foyda oladimi?

Abdulla Abdullayev, iqtisodchi:
– Qanday ittifoq bo‘lishidan qat’i nazar, unda kimning iqtisodiyoti, harbiy kuchi kattaroq bo‘lsa, o‘shaning o‘yin qoidalariga hamma rioya qilishga majbur. Bo‘lmasa bu ittifoq bo‘lmaydi. Masalan, MDH haqida so‘z yuritilganda “Rossiyaga MDH kerak bo‘lsa mavjud bo‘ladi, bo‘lmasa yo‘q” degan munosabatlar ham bor.

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev, jurnalist:
– Jahon savdo tashkiloti yoki YEIHT va boshqa shu kabi ko‘plab davlatlar a’zo tashkilotlar borida MDH o‘zining dolzarbligini yo‘qotib qo‘ymayaptimi?

Abdulla Abdullayev, iqtisodchi:
– MDH ustavida hech qaysi mamlakatning suvereniteti cheklanmagan va ular orasida ulardan ustun turadigan biror institut tuzish ko‘zda tutilmagan. Uning asosida o‘zimizga kerak bo‘lgan har qanday shartnomalarga kirishishimiz mumkin. Jahon savdo tashkiloti yoki o‘sha YEIHTga a’zo bo‘lishimiz bugun kerakmi? Buni har tomonlama o‘ylab ko‘rishimiz joiz. Sababi, agar kerak bo‘lganda edi shu vaqtga qadar kirgan bo‘lardik.

Hamid Sodiq, siyosatshunos:
– Tashkilotning yana bir muhim jihati – u siyosiy birlashish bo‘yicha adaptatsiyani beradigan tashkilot. Masalan, Ukraina Rossiya va Belorussiya bular bir biriga yaqin slavyan davlatlari. Ukrainaning chiqib ketishi ularning birlashuviga putur yetkazdi. Lekin, turkiy birlashuv masalasida MDHning siyosiy tajribasi qo‘l keladi. Tashkilotdan ustun turuvchi siyosiy institutlar mavjud emas. MDH davlatlarining tili, siyosiy- iqtisodiy manfaatlari mushtarak. Bular Yevropa ittifoqi kabi birlashishi mumkin bo‘lgan davlatlardir. Tarixan ham bitta Turkiston bo‘lgan. Mening fikrimcha, bu ob’ektiv zarurat edi. Chunki jahon hamjamiyati musulmon davlatlari o‘zini qanday tutadi? Demokratiya qoidalariga rioya qiladimi? Qaysi yo‘ldan ketadi? Biz ular bilan qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?, degan masalalarda MDH katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev, jurnalist:
– Rossiyaning maqsadi Ukrainani qurolsizlantirish edi, lekin bu aks ta’sir qilmadimi? Ellikdan ortiq davlatlar qurol bilan ta’minlayapti.

Abdulla Abdullayev, iqtisodchi:
– Nima uchun Rossiya Ukrainani shunchalik o‘zini dushmani deb qarashi borasida Qora dengizda hukmronlik masalasi va Qrim masalasi deb hisoblayman. Mening nazarimda asosiy faktor – dunyoqarashlar to‘qnashuvi. Sababi, Ukraina Yevropaga o‘zining oriyentatsiyasini hech qachon yashirmagan va o‘zini Yevropa ittifoqiga kirishini aytib borgan. Bu yerda kimdir kelajakka intilsa, Rossiya o‘zining o‘tmishdagi kuch-qudratini saqlab qolmoqchi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi kunda Ukraina o‘zining yerini himoya qilyapti.

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev, jurnalist:
– Polshalik yurist, yozuvchi “Ukrainani qurollantirish, Ukraina iqtisodiyotini batamom tamom qiladi” deydi. U buni Ukraina dunyodan olgan qarzlarini to‘lay olmaydi, deb izohladi. Bu fikr qay darajada to‘g‘ri?

Abdulla Abdullayev, iqtisodchi:
– Bu fikrga qo‘shilolmayman! Bu dunyoqarashlar kurashi. Yangi dunyoqarashda, kelajakka intilgan dunyoqarashda faqat qurol bilan ish tutilmaydi. To‘g‘ri bunday xavflar bor. Lekin Ukrainani qurollantirib, nima desa aytganini qilaman, degan holatga ham olib kelinmaydi. Ukrainadagi millatchilik ertaga urushda g‘olib chiqsa, ko‘kragiga urib butun insoniyatni saqlab qoldim, deb o‘zining idealogiyasini boshqalarga singdirish xavfi juda ham katta.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring