“Roma”ning Shomurodov kelajagi bo‘yicha qarori aniq bo‘ldi!

Yevropada qishki transfer oynasi yaqinlashgan sari bo‘lajak oldi-berdilar haqidagi xabarlar ko‘proq tarqala boshladi. Yozda o‘z safiga kerakli futbolchilarni qo‘sha olmagan klublar yanvarda tarkibini kuchaytirish payida bo‘ladi. Shuningdek, o‘z jamoasida yetarli imkoniyat berilmayotgan o‘yinchilar ham yangi jamoa izlashi hech kimga sir emas.

Yanvarda qator jamoalar e’tibori nishoni Eldor Shomurodovga qaratilishi kutilmoqda. Aslida rimliklar o‘zbek legionerini yozgi transferlar vaqtida sotib yubormoqchi bo‘lgandi. Xaridor ko‘p bo‘lganini hamma biladi. Eldor Italiyadan tashqari, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni chempionatlarida qatnashishi mumkin edi.

Biroq, Joze Mourino hamyurtimizga Rimda qolib, kurashni davom ettirishini maslahat berib, albatta, unga imkon berilishini ta’kidladi.

Matbuotda Joze Mourino Eldor Shomurodovga: “Gapimga quloq tut, “Bolonya”da 10-15 ta uchrashuvda maydonga tushganingdan “Roma”da beshta o‘yinda qatnashganing afzal!”, - degani yozildi.

Hozirning o‘zida Shomurodovga “Torino” va “Bolonya”dan yana qiziqish bo‘lyapti. Bu klublar yozda o‘zbek hujumchisi borasida “Roma” sport direktori Tyagu Pinto bilan muzokara olib borgandi. Endi ular qishda yana aloqaga chiqadi.

“Sport Ekpress” nashri mutaxassislari o‘z vaqtida Rossiya premer-ligasida porlagan Eldor Shomurodovning mamlakatda muxlislari ko‘pligini inobatga olib, Rim klubi sport direktori Tyagu Pinto bilan bog‘lanib, o‘zbek hujumchisining kelajagi bilan qiziqdi.

Andrea Belotti asosiy tarkibda paydo bo‘lganidan keyin “Roma” Eldor Shomurodovni sotib yuborishi mumkinligi haqida so‘rayapsizmi? Eldor ham xuddi Belotti singari Rimda qoladi, - deb ta’kidladi Tyagu Pinto “Sport Ekspress” gazetasi vakillariga.

“Roma” mutasaddilari hujum chizig‘iga Andrea Belotti va Paulo Dibala kabi yulduzlarni jalb qilgan bo‘lsa-da, hujumchilar muammosi to‘la yechimini topgani yo‘q. Mavsumning avvalidayoq, hujumga mas’ul bo‘lgan Temmi Abraxam, Nikolo Dzanolo, Lorenso Pellegrini, Stefan El-Shaaravi jarohat oldi. Paulo Dibala ketma-ket ikki marta safdan chiqdi va ikkinchi jarohati ancha og‘ir hisoblanadi.

Tyagu Pinto balki shu vaziyatni inobatga olib, Shomurodovni hech bo‘lmaganda mavsum oxirigacha poytaxtda olib qolishini rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Lekin klub rahbariyati o‘zi kutgan mablag‘ taklif qilinsa, legionerimizni ushlab qolmasa kerak.

27 yoshli futbolchimiz “Mash’al”, “Banyodkor”, “Rostov” va “Jenoa” jamoalaridan keyin “Roma”da ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Eldor klublar miqyosida jami 225 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 46 ta gol va 23 ta assist rasmiylashtirgan. Uning “bo‘rilar” bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha davom etadi.

Transferlarga ixtisoslashgan //www.transfermarkt.world/ portali hamyurtimizning sakkiz million yevroga baholamoqda.

Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasida 57 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 31 ta to‘p kiritgan.

Tez orada mohir hujumchimiz milliy jamoada eng ko‘p gol urgan futbolchilar reytingida Maksim Shatskix va Aleksandr Geynrixni ortda qoldirib, birinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi kutilmoqda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring