“Real” YeCHLda 12 yillik seriyasini davom ettirdi

13 aprelga o‘tar kechasi Ispaniya poytaxti Madriddagi “Santiago Bernabeu” stadionida Yevropa Chempionlar ligasi ( YeCHL) chorak finalining dastlabki o‘yini bo‘lib o‘tdi. Mezbon “Real” Frenk Lempard murabbiyligidagi Londonning “Chelsi” klubini qabul qildi. Fransiyalik Fransua Letekse boshqarib borgan bahsda “qirollik klubi” 2:0 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa “qaymoqranglilar” Yevropa Chempionlar Ligasi pley-off bosqichining ketma-ket 31-o‘yinida gol urdi. Oxirgi marta klub 2011 yilda raqib darvozasini ishg‘ol qila olmagan – o‘shanda “Barselona” “Real”ga qarshi o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi.

“Real” - “Chelsi” uchrashuvidagi dastlabki gol 21-daqiqada Karim Benzema tomonidan kiritildi. Bahsdagi ikkinchi golga esa 74-daqiqada Marko Asensio mualliflik qildi. O‘yinning 59-daqiqasida “Real” a’zosi Rodrigo raqib jarima maydonchasiga kiraverishda to‘pni egallab oldi, vaziyatni boy bergan “Chelsi” a’zosi Ben Chilvell braziliyalik futbolchining qo‘lidan ushlab olishdan boshqa chora topmadi va angliyalik futbolchi qoidabuzarlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi.

Реклама на Unews

Jamoalarning javob o‘yini 19 aprelga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring