Rasul Kusherbayev: "Kunduz kuni avtomobil chiroqlarini yoqib yurish tartibini bekor qilish haqida yana so‘rov xati kiritdik"

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil  9 apreldagi №292-sonli  qarori bilan  yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritilib, kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilangandi, deb yozmoqda "Aniq.uz" nashri.
 
Ushbu kiritilgan o‘zgartirish ko‘pchilik fuqarolar tomonidan norozilik bilan qarshi olinib, bunday o‘zgartish kiritishga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotganligi kabi e’tirozlar tufayli biz deputatlar ham hukumatga so‘rov yuborib, ushbu qarorni o‘zgartirishni so‘ragan edik.
 
Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 iyunda “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 460-sonli qarori qabul qilinib, mazkur qoidaning amal qilishi 2021 yilning 1 yanvariga qadar kechiktirilgan edi.
 
Muddat ham yaqinlashib kelmoqda.
 
Ayni vaqtda jamoatchilik, xususan haydovchilar tomonidan ushbu tartibning 1 yanvardan kuchga kirishi kunduzgi chiroqlari avtomatik ravishda yonmaydigan yangi avtomobilga ega bo‘lmagan fuqarolarda jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi bois, uni bekor qilish masalasida yana murojaatlar bo‘lmoqda.
 
O‘z o‘rnida joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlardagi takliflar va mutaxassislarning  fikrlari shuningdek, mamlakatimizning iqlim sharoiti, aholining turmush darajasi, ekologik vaziyat va imkoniyatlarni inobatga olib bir guruh deputatlar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga hamda Ichki ishlar vazirligiga ushbu tartibni bekor qilish haqida yana so‘rov xati kiritdik.
 
So‘rov xatida kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi bo‘yicha talabni avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etmaslikni so‘radik.
 
Umid qilamizki, hukumat va soha vakillari fuqarolarimiz murojaatlari va fikrlari asosidagi ushbu so‘rovimizni e’tiborsiz qoldirmay uning yechimi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilishadi. 

Rasul Kusherbayev, deputat

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring! 

Реклама на Unews

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring