BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

Prezident xalqaro madaniyat forumi ishtirokchilarini qutladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi ishtirokchilarini qutladi.

«Muhtaram do‘stlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumining Siz, hurmatli ishtirokchilarini chin qalbimdan samimiy qutlayman.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida ushbu Forumni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblariga va Forumni hamkorlikda tashkil etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatgan YuNESKO bosh direktori Odri Azule xonimga alohida minnatdorchiligimni bildiraman.

Fursatdan foydalanib, anjumanda bevosita qatnashayotgan hamkor davlatlar hamda nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar namoyandalariga, yetakchi olimlar va ekspertlarga, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillariga tashakkur izhor etaman.

Saxovatli O‘zbekiston zaminiga, qadimiy Xiva shahriga xush kelibsiz!

Qadrli mehmonlar!

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi asrlar davomida turli xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotganini jahon hamjamiyati yaxshi biladi va yuksak e’tirof etadi.

Bundan uch ming yil muqaddam mintaqada ilk shaharlar va davlatchilikning vujudga kelishi bu hududda yangi hayotiy tushunchalar va falsafiy qarashlarning, ilm-fan, xususan, tibbiyot va astronomiya, jo‘g‘rofiya va matematika, geodeziya, me’morchilik sohalarining, madaniy-ma’rifiy va diniy qadriyatlarning jadal taraqqiy etishiga asos yaratdi.

Mintaqamizning qadimiy ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiya markazlari haqida so‘z yuritganda Samarqand va Buxoro, O‘tror va Xo‘jand, Marv va O‘sh singari o‘nlab shaharlar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk olimlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy, Najmiddin Kubro kabi ulug‘ ulamolar, Kamol Xo‘jandiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Maxtumquli, Abay, To‘qtag‘ul, Berdaq singari mashhur shoirlar, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod kabi musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning nomlarini tilga olishimiz tabiiydir.

Mazkur xalqaro forum mintaqamizning ko‘hna va navqiron shaharlaridan biri – ikki ming yillik shonli tarixga ega bo‘lgan Xivada o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam.

Bugungi Forum Markaziy Osiyo davlatlari va xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, mintaqa xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissalarini yanada chuqur anglash va o‘rganishga imkon beradi.

Ushbu xalqaro madaniyat forumi doirasida Xiva shahrida YuNESKO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi kengashining yig‘ilishi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisi, Nukus shahrida «Arxeologiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosdan foydalanish» xalqaro arxeologiya anjumani hamda II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi o‘tkazilishini biz ana shu yo‘ldagi muhim amaliy qadamlar sifatida e’tirof etamiz.

Muhtaram do‘stlar!

Biz mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, madaniy-gumanitar sohalarni ravnaq toptirishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli loyihalarni bundan buyon ham davom ettiramiz. Bu ezgu maqsadga faqat o‘zaro hamkorlikda, sa’y-harakatlarimizni birlashtirgan holda erisha olamiz. Markaziy Osiyoning tarixiy va madaniy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy qadriyatlari farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamindir.

Bugun biz Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va madaniyat sohasida olib borilayotgan tub islohotlar orqali yangi Uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratishga bel bog‘laganmiz. Bu borada biz jahon hamjamiyati bilan, Sizlar kabi ko‘zga ko‘ringan ilm-fan va madaniyat namoyandalari bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Anjumanimizning barcha ishtirokchilariga mustahkam sog‘liq, Markaziy Osiyoning betakror madaniyati va san’ati, ilm-fan, moddiy va nomoddiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lida kuch-g‘ayrat va yangi yutuqlar yor bo‘lishini tilayman», — dedi Prezident.

Bugun O`zbekistonda havo biroz bulutli bo`ladi Gidrometeorologiya xizmati markazining xabariga ko`ra, ertaga, 16 sentyabr kuni Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo`ladi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 15-17°, kunduzi 32-34° bo`ladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo biroz bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 12-17°, kunduzi 32-37° bo`ladi. Buxoro va Navoiy viloyatlarida havo biroz bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 12-17°, kunduzi 32-37° bo`ladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida havo biroz bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 12-17°, kunduzi 30-35° bo`ladi. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo biroz bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 12-17°, kunduzi 33-38° bo`ladi. Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlarida havo biroz bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 12-17°, kunduzi 29-34° bo`ladi. Respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida havo biroz bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 10-15°, kunduzi 23-28° bo`ladi.

Fikr qoldiring