Omikron hammayoqni ostin-ustun qilyapti

   Bu haqda hozir Kanadada yashaydigan yurtdoshimiz Farhod Fayzullayev o‘zining “Zambarakning o‘qi” kanalida ma’lum qilgan. Jumladan u shunday yozmoqda:

   “Albertada 4,4 mln kishi istiqomat qiladi. Shulardan 550 ming nafari ayni damda kovid bilan kasallangan. Yarim milliondan ortig‘i.

  Omikron shunaqa shiddat bilan tarqayaptiki, uni sekinlashtirishga imkon ham bo‘lmayapti. Kasallanishlar, kasallar soni rekord ketidan rekord urib yotibdi. Vaholanki, maska rejimi, vaksina pasporti joriy qilingan, 75% aholi (yosh bolalarni ham qo‘shganda) emlangan.

   Hozircha kasalxonalar to‘lganicha yo‘q, ammo bor o‘rinlarning 80 foizi egallangan. Yana bir haftada kasalxonalar liq to‘ladi. Undan keyin xaos.

  Taskin beradigani, vaksinalar og‘ir kasallikdan asrayapti. Juda kam emlangan odam reanimatsiya tushyapti, sanoqli.

  550 ming kishi ayni paytda kasallangan degani 550 ming ishchi ishga chiqmadi deganidir. Xodimlar yetishmasligi tufayli kasalxonalarda koykalar bo‘sh, chunki doktorlar kasal. Yaqin-yaqingacha mahsulot liq to‘la bo‘lgan supermarketlar ancha bo‘shab qolyapti, chunki yuk mashina haydovchilari, do‘kon ishchilari betob.

  Bugun Ismoilning (izoh — Farhod akaning o‘g‘li) maktabidan xat kelibdi. Unga ko‘ra, maktab avtobusi haydovchilari orasida ham kasallanganlar ko‘p, shuning uchun avtobuslar reysiga chiqa olmayapti. Ba’zi avtobuslar bir paytning o‘zida ikkita yo‘nalishga xizmat ko‘rsatyapti, shuning uchun ular kechikyapti.

  Shu haftadan maktablar ham ochildi, bolalar darsga qatnayapti. Ular orasida ham kovid tarqalishi qariyb fakt, faqat qachonligi noma’lum.

  Bu hali boshlanishi. Hali kasallanishlar cho‘qqisiga chiqmadi. Kovid grafiklari osmonga qarab tik uchyapti.

Ikki yil o‘zimizni ehtiyot qildik, maska taqdik, vaksinalarni oldik, kovid bo‘lmadik. Bu to‘lqindan qochib bo‘lmaydi shekilli, kutyapmiz...

O‘zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qiling. Emlaning, busterni oling. Hammamizni O‘zi panohida asrasin”.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring