Mahmud Murodov Sanchesni nokautga uchratgani haqida: «Bu natijadan qoniqmadim»

O‘zbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Murodov uchinchi jangining bekor qilinishi va UFC 257 musobaqasidagi ishtiroki haqida gapirdi, deb yozmoqda "Zamin.uz" nashri.

- "Oktabr oyidagi jangim bekor bo‘lganidan (Kshishtof Yotko va Kevin Hollandga qarshi janglar bekor bo‘lgandi — izoh «Daryo»)juda afsuslandim, xafa bo‘ldim. Biroq meni oldinda yanada yaxshiroq narsalar kutib turganiga ishonardim.

Jangdan 27 kuncha oldin UFC menga shartnoma yubordi, men jarohat olgan sportchini almashtirishim kerak edi. Murabbiy menga UFC 257 musobaqasida jang borligi aytdi. Men hatto raqibim haqida to‘liq ma’lumotlarni ham ko‘rib chiqmadim, uning janglar ro‘yxatiga ko‘z yugurtirdim. Anchadan beri UFC’da ishtirok etishini bildim va jangga rozi bo‘ldim. Men har doim janglarni shu tariqa qabul qilaman. Raqiblarimning jangini ko‘rib chiqmayman. Shartnomani imzolayman, shundan keyin uslubiga qarab tayyorgarlik ko‘raman.

Bu dunyodagi eng yaxshi MMA tashkiloti, u yerda raqib tanlashga haqqim yo‘q. Men yaxshilar qatorida bo‘lishni xohlayman va kuchli raqiblar bilan to‘qnash kelishga majburman. U yerda kuchsiz raqibning o‘zi yo‘q.

UFC 257 — katta musobaqa, unda jang qilish va o‘zimni ko‘rsatish juda muhim edi. Men faqat o‘zimning nomimdan emas, barcha yurtdoshlarim nomidan chiqaman. Chunki yelkamda O‘zbekiston bayrog‘i turadi.

Ayrim sabablarga ko‘ra bizning jang asosiy kardga ko‘chirildi. Avvaliga jang mahalliy vaqt bilan 02:00 da bo‘lib o‘tishi belgilangandi. Keyin menga soat 07:00 da jang qilishimni aytishdi. Men tuni bilan uxlamay jangga chiqdim, garchi yutgan bo‘lsam ham bu jangda o‘zimni to‘liq namoyish qila olmadim, natijamdan qoniqmadim. Bundan ham yaxshiroq jang o‘tkazishim mumkin edi", - dedi Mahmud Murodov.

Murodov UFC 257 musobaqasining asosiy kardida amerikalik Endryu Sanchesga (12-6) qarshi jang qilgan va uchinchi raunddagi texnik nokaut evaziga g‘alaba qozongandi.

Mahmud UFC’dagi debyut jangida italiyalik Alessio di Kirikoni (12-4) ochkolar hisobiga ko‘ra, ikkinchi jangida Trevor Smitni (15-10) uchinchi raundda nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring