Karate WKF: jahon chempionati ishtirokchilari O`zbekistonga qaytib keldi

Xabar berganimizdek, o`tgan haftada BAAning Dubay shahrida karate WKF bo`yicha kattalar o`rtasida jahon chempionati bahslari bo`lib o`tdi. Unda dunyoning besh qit`asidagi 104ta davlatdan jami ming nafarga yaqin sportchi g`oliblik uchun bahs olib borishdi.

Quvonarlisi, ushbu jahon chempionatida vakillarimiz mustaqil O`zbekiston tarixida ilk marotaba sovrindorlar safidan joy oldi. Erkaklar o`rtasida -75 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan milliy terma jamoamiz a`zosi, sport yakkakurashlari bo`yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi sportchisi Dostonbek Otabolaev finalda AQShlik Tomas Skott ustidan ishonchli g`alabaga erishdi va O`zbekistonga tarixiy oltin medalni taqdim etdi.

Shuningdek, musobaqada vakillarimiz beshta yo`nalishda bronza medallari uchun da`vogarlik qilishgani ham mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e`tiborning yorqin ifodasidir. Ayniqsa, erkaklar o`rtasida jamoaviy kumite bahslarida sportchilarimizning yarim finalgacha etib borishgani tahsinga loyiq.

Реклама на Unews

Bugun tunda karate WKF bo`yicha kattalar o`rtasidagi jahon chempionati qahramonlari yurtimizga qaytib kelishdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida karate bo`yicha milliy terma jamoamiz a`zolarini Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston karate milliy federasiyasi hamda sportchilarning oila a`zolari kutib olishdi.

Marosimda so`zga chiqqan Sport yakkakurashlari bo`yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov karatechilarimizni ushbu olamshumul g`alaba bilan samimiy qutlagan holda tez orada jahon chempionati qahramonlari alohida taqdirlanishi rejalashtirilayotgani haqida ma`lumot berdi.

- Jahon chempionatiga jo`nab ketish oldidan o`z oldimga faqat g`alaba bilan qaytishni, O`zbekistonga oltin medal tuhfa etishni maqsad qilgan edim. Odatda ko`plab sport turlari bo`yicha Olimpiya o`yinlaridan keyin o`tkaziladigan nufuzli musobaqalarda ishtirokchilar tarkibi biroz kuchsizroq bo`ladi, bir qator etakchilar Olimpiadadan keyin dam olishni ma`qul ko`rishadi. Ammo, Dubayda o`tkazilgan jahon chempionati ishtirokchilari tarkibi ancha kuchli edi. Shunga qaramay jahon chempionati finalida jang qilar ekanman, ortimda Prezidentim, ota-onam, xalqim turganligini bir zumga bo`lsa-da unutmagan holda astoydil harakat qildim va maqsadimga erishdim. Umid qilamanki, bu yutuqlarimizning boshlanishi va iste`dodli yoshlar bilan biz yanada ulkan g`alabalarga erishamiz, - dedi jahon chempionatining oltin medali sohibi Dostonbek Otabolaev.

Реклама на Unews

Ta`kidlash lozim, jahon chempionatida O`zbekiston terma jamoasi bitta oltin medal bilan umumjamoa hisobida 8-o`rinni egallashdi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring