Kambag`allikni qisqartirish bo`yicha aniq vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoev 26 yanvar kuni joriy yilda barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlash masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, 2021 yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 5 foiz o`sishi maqsad qilingan. Biroq, global iqtisodiyotdagi noaniqlik uzoq davom etishi mumkinligi iqtisodiy o`sishning qo`shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda.

Shu bois Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga o`z sohasi bo`yicha mahallalardagi holatni o`rganish, “o`sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo`ymoqda.

Реклама на Unews

Yig`ilishda shu boradagi chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleks vakillarini mahallaga tushirib, vertikal tizimni, barcha organlar faoliyatini o`zaro muvofiq yo`lga qo`yish kerakligi ta`kidlandi.

Реклама на Unews

Davlatimiz rahbari bu tizimga jalb qilinadigan mutaxassislarning bilim va imkoniyati masalasiga alohida e`tibor qaratdi. 20 mingdan ortiq xodimni o`qitib, ularga masalani joyida hal etish bo`yicha barcha vakolatlarni berish muhimligi qayd etildi.  

Davlat boshqaruvi akademiyasiga mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar uchun o`quvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qo`llanmalar ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Har bir rahbarning mazkur tizimdagi shaxsiy mas`uliyati va javobgarligini belgilash, barcha jarayonlarga ko`maklashuvchi onlayn elektron platforma yaratish zarurligi ta`kidlandi.

Prezident kambag`allikni qisqartirish masalasiga yana bir bor to`xtalib, mutasaddilarga aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o`qitish, bandligini ta`minlash yuzasidan ko`rsatmalar berdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi rahbarlari 2021 yilda har bir tarmoq va hudud kesimida iqtisodiy o`sishning qo`shimcha manbalari to`g`risida hisobot berdi.

Yig`ilishda ushbu rezervlarni to`liq ishga solib, qo`shimcha iqtisodiy o`sishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlash choralari ko`rib chiqildi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining etarli bo`lishini ta`minlash, narx oshishiga ta`sir ko`rsatadigan omillarning oldini olish masalalariga yana bir bor to`xtalib o`tildi. 

Sanoatda ham qo`shimcha rezervlar aniqlangan. Ayniqsa, asosiy “drayver” bo`lgan kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmasevtika, qurilish materiallari, to`qimachilik, charm-poyabzal sohalarida “sanoat zanjirlari”ni uzaytirish kerakligi ta`kidlandi.

Shuningdek, yirik davlat korxonalarini transformasiya qilish, xarajatlarni va boshqaruv tizimini optimallashtirish bo`yicha vazifalar qo`yildi.

Xizmatlar sohasida ham ishga solinmagan imkoniyatlar ko`p. Prezidentimiz ularni to`liq safarbar etib, hududlarda servis shoxobchalarini ko`paytirish, yangi zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish zarurligini ta`kidladi. 2021-2023 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga yoshlar keng jalb etilishi belgilandi.

Yig`ilishda investisiya loyihalari ijrosiga ham to`xtalib o`tildi. Joriy yilgi Investisiya dasturi doirasida 1 ming 752 ta ob`ekt uchun qariyb 18 trillion so`m byudjet mablag`lari ajratilgan. Bu mablag`lardan oqilona foydalanish, loyiha hujjatlarini puxta ishlab chiqish va qurilishlar sifatini ta`minlash bo`yicha qat`iy ko`rsatmalar berildi.

Mutasaddilar iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning o`rta va quyi bo`g`inini mahallagacha tushirib, aholiga yaqinlashgan ish tizimini yo`lga qo`yish rejalari bo`yicha axborot berdi.

 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring