Jurnalistlar Rossiyaga Ukraina bo‘yicha ma’lumot berib turgan 30 kishilik guruhni aniqladi

The Insider, Bellingcat va Der Spiegel jurnallari tomonidan olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra, «Ukrainada tinch aholini o‘ldirishda ishtirok etgan» 30 dan ortiq harbiy muhandislar guruhi aniqlangan.

24 oktabr, dushanba kuni The Insider, Bellingcat va Der Spiegel Ukrainadagi ob’ektlarni yuqori aniqlikdagi raketalarda nishonga olish bilan shug‘ullanuvchi Rossiya Qurolli kuchlari Bosh hisoblash markazining (BHM) maxfiy bo‘linmasi bo‘yicha qo‘shma tekshiruvni e’lon qildi. U fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.

Jurnalistlar ushbu bo‘linmada 30 dan ortiq rossiyalik harbiy muhandislarni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi, ularning aksariyati «axborot texnologiyalari va hatto kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqishda tajribaga ega bo‘lgan yosh yigit va qizlar». «Ularning qo‘ng‘iroqlari o‘qqa tutish vaqti bilan solishtirildi, bu shaxslar Ukrainada tinch aholini o‘ldirishga aloqadorligini tasdiqlaydi», deb yozadi The Insider.

Ularni topish uchun surishtiruv mualliflari Rossiyaning yetakchi harbiy institutlarining raketa va nishonni belgilash bo‘yicha ixtisoslashgan minglab bitiruvchilari ma’lumotlarini tahlil qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qishni tamomlab, Bosh hisoblash markazi xizmatiga kirgan raketachilar Rossiya Bosh shtabining rasmiy manzili bo‘lgan Moskvadagi Znamenka ko‘chasi, 19-uyda yashab, ishlayotgan sifatida ro‘yxatga olingan.

Tekshiruv mualliflari BHM boshlig‘i general-mayor Robert Baranovning 2022 yil 24 fevraldan aprel oyi oxirigacha bo‘lgan telefon suhbatlari metama’lumotlarini o‘rganib chiqdi. Har safar Ukrainada qanotli raketalarni uchirmasdan oldin unga bitta raqamdan qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan, jurnalistlar aniqlashicha, bu raqam polkovnik Igor Bagnyukka tegishli. U ham Znamenka, 19 da ro‘yxatga olingan.

Bagnyuk qo‘ng‘iroqlarining metama’lumotlarini o‘rganib chiqqandan so‘ng, surishtiruvchilar polkovnikka bo‘ysunadigan 33 nafar harbiy muhandis va ayti mutaxassislardan iborat butun bir bo‘linmani aniqladi. U uchta jamoadan iborat bo‘lib, ularning har biri bitta turdagi yuqori aniqlikdagi raketalarning parvoz yo‘llarini dasturlashtiradi: dengizda joylashgan Kalibr qanotli raketalari, yerda joylashgan «Iskander» tizimlari uchun R-500 qanotli raketalari va havodan uchiriladigan X-101 qanotli raketalari.

The Insider jurnalistlari nishonlar haqida ma’lumot berib turuvchi shaxslar bilan «olingan billing yordamida» telefon orqali bog‘lanishdi. Barcha abonentlar telefon raqamlari o‘zlariga tegishli ekanligini tan oldi, biroq ular Bosh hisoblash markazida ishlashi va Ukrainaning o‘qqa tutilishiga aloqasi borligini rad etdi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring