JSST: Pandemiya hali tugamaydi. Chunki…

Bundan ikki yil avval, yana ham aniqrog`i, 2020 yilning 11 mart kuni JSST tomonidan dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlangani rasman e`lon qilingan edi.

SSV matbuot xizmatining xabar qilishicha, kecha tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus shu haqda gapirar ekan, o`tgan davrda bu xavfli infeksiyadan vafot etganlar soni 6 million kishidan oshganini qayg`u bilan qayd etdi.

“Bu biz uchun juda katta yo`qotish, — dedi u.  — Hozir dunyo bo`ylab kasallanish va o`lim holatlari kamayib borayotgan bo`lsa-da, pandemiya hali tugamaydi. Chunki buning uchun u er yuzining barcha nuqtalarida birdek yakunlanishi kerak”.

Реклама на Unews

Albatta, mazkur bayonot asosli dalillarga tayanadi. Negaki keyingi paytlarda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan ko`plab mamlakatlarda  kasallanish va o`lim darajasi o`sishda davom etyapti.

Boz ustiga, shu yilning yanvar oyi boshida kiprlik olimlar tomonidan “delta” va “omikron” shtammlari xususiyatlarini o`zida mujassam etgan yangi “deltakron” mutasiyasi aniqlangandi. Ammo yaqin-yaqingacha JSST mazkur shtammning mavjudligini shubha ostiga olib keldi.

Kecha esa tashkilotning favqulodda vaziyatlar bo`limi texnik guruhi rahbari Mariya van Kerxove Jenevada bo`lib o`tgan navbatdagi brifingda “deltakron” Evropada paydo bo`lganini rasman ma`lum qildi.

Реклама на Unews

Bayonotda keltirilishicha, mazkur mutasiya turi Fransiya, Niderlandiya va Daniyada aniqlandi. Lekin hozircha juda kam miqdorda.

Eslatib o`tamiz, pandemiya boshlangandan buyon dunyoda qariyb 452 million kishi COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan. Shuningdek, infeksiyaning oldini olish maqsadida jami 11 milliard  dozaga yaqin vaksina qo`llanilgan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring