Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentning uchta tumani hokimiga «hayfsan» berdi

Poytaxtdagi uchta tumanning hokimlariga «hayfsan» berildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tegishli farmoyishi 16 sentyabr kuni qabul qilingan. E-Qaror portalida e’lon qilingan farmoyishga «Gazeta.uz» e’tibor qaratdi.

Hujjatga ko‘ra, Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashevga, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimovga va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inogamovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Ushbu hokimlarga «hayfsan» berilishining sababi 2021 yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yganliklari ekanligi ko‘rsatilgan.

Toshkent shahar statistika boshqarmasi saytida 2021 yilning besh oyi (yanvar-may) bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan. Unga ko‘ra, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida fizik hajm indeksi keskin pasaygan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning avgust oyida Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashev, Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev, Chilonzor tumani hokimi Sarvar Maxametov, Yunusobod tumani hokimi Rahmonbek Usmonov va Yashnobod tumani hokimi Xojiakbar Tillashayxovlarga nisbatan «hayfsan» intizomiy chorasi qo‘llanilgan edi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


1 ta fikr

Fikr qoldiring
  1. 21-09-2021 Фарход Равшанович

    Яхши илар олиб борвотила

    Javob yozish

Fikr qoldiring

Barcha sharhlarni ko'rish