Isroil va Falastin tinchlikka tayyor emas – Borrel

Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel na Isroil, na Falastin tinchlikka tayyor emas, deb hisoblaydi. Bu haqda u bugun, 17 mart kuni “El Pais” gazetasida chop etilgan maqolasida aytib o‘tdi.

“Isroil va bosib olingan Falastin hududlarida har haftada juda ko‘p odam halok bo‘lyapti, u yerda millionlab odamlar qo‘rquvda, umidsiz yashaydi. Jahon hamjamiyati tomonidan juda ko‘p bayonot va juda kam harakat bo‘ldi. Isroil tomoni ham, Falastin tomoni ham tinchlikka tayyor emasligi aniq”, degan Borrel.

U bu orqali Yevroittifoq va xalqaro hamjamiyatni vaziyatni hal qilish uchun ko‘proq harakat qilishga chaqirgan.

Реклама на Unews

Shuningdek, u har ikki tomonda ekstremizm kuchayib borayotganini tan olish kerakligini aytgan. Borrelga ko‘ra, hujumlar ko‘plab isroilliklarning hayotiga zomin bo‘lgan. G‘arbiy Sohildagi isroillik ko‘chmanchilarning zo‘ravonligi esa falastinliklarning hayoti va tirikchiligiga tobora ko‘proq tahdid solmoqda. Biroq aybdorlar deyarli har doim jazosiz qolmoqda. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Isroil harbiy amaliyotlari ko‘pincha falastinlik tinch aholining o‘limiga olib kelishini ta’kidlagan.

Borrel so‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyatning tomonlar o‘rtasida mustahkam tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytgan. Vaziyatni hal qilish uchun esa arab davlatlari, Yevropa, AQSH va boshqa davlatlarning jamoaviy sa’y-harakatlari zarurligini qo‘shimcha qilgan.

Uning eslatishicha, 2013 yilda hamjamiyat tomonlar tinchlik kelishuviga erishgan taqdirda misli ko‘rilmagan iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash paketini taklif qilgan. Shuni hisobga olgan holda, Borrel Yevropa Ittifoqining maxsus vakili Sven Kupmansga Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan bunday taklifni yakunlash bo‘yicha ishlashni topshirgan. Shuningdek, Borrel undan YeI hamkorlari bilan birgalikda Isroil va Falastin o‘rtasida, Isroil va uning barcha arab qo‘shnilari o‘rtasida tinchlikka erishish uchun aniq takliflar ishlab chiqishni so‘ragan. 

Реклама на Unews

“Hozirgi zo‘ravonlik davrini to‘xtatish uchun nimadir kerak va biz tomonlarga o‘z imkoniyatlarini ko‘rib chiqishda yordam berishda muhim rol o‘ynashimiz mumkin. Aniqroq aytsam, men Yevropa tinchlik tashabbusini e’lon qilmayapman”, degan Jozep Borrel.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring