Hindistonda ko‘prik qulashi oqibatida 140 dan ziyod odam halok bo‘ldi (video)

Hindistonning Gujarat shtati Morvi shahrida osma ko‘prik qulab tushishi natijasida 141 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Asia Plus. Voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda. Ayni paytgacha 177 kishi qutqarib olingani aytilmoqda.

Ko‘prik qulagan vaqtida uning ustida bir necha yuz kishi bo‘lgan. 140 yillik qadimiy ko‘prik yaqinda rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochilgan edi. U mahalliy aholi orasida ommabop joylardan biri hisoblanadi.


Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Morvidagi hodisa sababli chuqur qayg‘uda ekanligini ma’lum qildi. «Qutqaruv ishlari to‘la-to‘kis olib borilmoqda, jabrlanganlarga zarur yordam berilmoqda», — deb yozdi u Twitter’da. Bosh vazir ko‘prik qulab tushishi yuzasidan mas’uliyatni hukumat o‘z zimmasiga olishini aytdi.

Gujarat shtati bosh vaziri voqea joyiga yetib keldi. U har bir qurbonning oilasiga 4 million rupiya (48 ming dollar), har bir jabrlanuvchiga esa 50 ming rupiya (600 dollar)dan to‘lashga va’da berdi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, hodisa chog‘ida ko‘prikda 500 dan ortiq odam, shu jumladan, bolalar ham bo‘lgan. Ko‘prik qulaganidan keyin 350 dan ziyod kishi suvga tushib ketgan. Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligini ayollar, bolalar va qariyalar tashkil qiladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring