Germaniyada Z belgisini mashinaga yopishtirib olgan shaxs 4000 yevro jarimaga tortildi

Germaniyada Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushini qo‘llab-quvvatlash ramzi hisoblangan Z harfini mashinasining orqa oynasiga qo‘yib olgan erkak katta miqdorda jarimaga tortildi. Hamburgdagi ma’muriy sud 25 oktabr, seshanba kuni 62 yoshli haydovchini jinoiy harakatlarni ma’qullaganlikda aybdor deb topdi va unga 4000 yevro jarima soldi, dedi sud vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sud jarayonida sudlanuvchi mart oyida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan taxminan bir oy o‘tib, mashinasiga ko‘k Z harfi tushirilgan A4 formatdagi oq varaqni o‘rnatganini inkor etmagan. Sudning fikricha, bu Rossiya bilan birdamlik va Ukrainadagi urushni ma’qullashni namoyon qiladi, deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng, Z harfi V harfi bilan birga, rus «maxsus operatsiyasi»ning rasmiy belgilariga aylandi. Avvaliga bu harflar Rossiya harbiy texnikalarida ko‘rindi, keyin esa rasmiylar va rasmiy targ‘ibot Z hamda V'dan Rossiya armiyasini va uning Ukrainadagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni namoyish qilish uchun ishlata boshladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring