Farg‘onada arzimagan mojaro o‘lim bilan tugadi

Hayotda uzoqni ko‘ra bilmaslik, jizzakilik va gumrohlik kutilmagan fojiani keltirib chiqarish mumkin. Quyida ana shunday voqea tafsiloti bayon qilinadi.

Asliddin (ism-shariflar o‘z­gartirildi) ishbilarmon, g‘ayrat-shijoatli bo‘lib voya­ga yet­di. Uylangach, yer may­do­ni sotib olib, uy qurdi, oi­lasi bilan ko‘chib chiqdi. Yaqindagina yap-yangi «Spark» rusumli av­toma­shi­na ham sotib olgandi. O‘sha kuni ertalab Asliddin avtomashinasida bolalarini maktabga eltib qo‘ydi, so‘ng ota-onasidan xabar olgani bordi.

Ammo falokat oyoq ostida deb bejizga aytishmagan ekan. U avtomashinasini bosh­qarib borayotganida muyulishda to‘­satdan qo‘shnisi Berdinazar Is­matov velosipedda chiqib qol­di. O‘rtadagi masofa juda qisqa edi. Asliddin mashina­si­ni, Berdinazar esa, velosipedini to‘xtatib qolishga ulgurishmadi. Velosiped avtomashinaning oldi tomoniga kelib urildi. To‘qnashuv chog‘ida B. Ismatov o‘ng tomoni bilan yerga yiqildi. Xay­riyat­ki, unga hech narsa qilmadi. Ammo velosiped pachoqlanib ketgandi.

Реклама на Unews

Buni ko‘rib, B. Ismatov Asliddindan yangi velosiped olib berishni talab qildi.

— To‘g‘ri, men aybdorman, — dedi Asliddin. — Ammo yaqinda mashina oldim, shuning uchun yangi velosiped sotib olishga ho­zircha imkonim yo‘q. Siz vaqtincha otamning velosipedidan foydalanib turing, ke­yinroq yangisini olib beraman.

Asliddining bu taklifi B. Ismatovga ma’qul tushmadi. «Otangning velosipedi menga kerak emas», — de­di u zarda bilan.

Реклама на Unews

Shu tariqa ular voqea joyi­dan tar­qalishdi. Asliddin ota uyiga kelgach, ro‘y bergan ko‘n­­gilsiz hodisani aytib ber­­­di. B. Is­matov esa, yaroqsiz holga kelgan velosipedini uyi­ga olib ketdi.

O‘sha kuni tushdan so‘ng Asliddin B. Ismatovning uyiga bordi, ammo u ha­li ishdan qayt­ma­gan ekan. Shundan so‘ng u tog‘asi Akromga yuz bergan voqeani aytib berdi. «Siz Berdinazar aka­ning uyi­ga borib, sharoitimni tushuntiring, yan­gi velosipedga pul yiq­qu­nim­ga qa­dar sabr qilib tursin», — deya u il­timos qil­­di. Ammo tog‘a­si­ garchi va’da bergan bo‘l­sa-da, B. Ismatov bilan uchrashishga vaqt topolmadi.

Ertasi kuni tunda B. Ismatov shirakayf holatda Asliddinning otasi F. Ro‘ziqulovning uyiga keldi. U oilaning kenja o‘g‘li Nuriddindan Asliddinning uyali telefon raqamini so‘­­­­radi. Nuriddin akasining telefon raqamini yod­dan bilmasligini, qo‘sh­ni hovlida yashaydigan akasi Ahliddindan so‘­rashni aytdi.

Ayni damda o‘zini jabrlangandek his etayotgan B. Ismatovga Nuriddinning bu gapi xuddi ayildek og‘ir botdi. Shu bois ik­kalasi aytishib qo­lishdi. Ularning baqiriq-chaqirig‘ini eshitgan Ahliddin o‘r­taga tushib, ularni tinchlantirdi. Shundan so‘ng B. Ismatov uyi­ga ketdi.

Qani edi, shu bilan barchasi yakun topsa… Biroq bunday bo‘l­maydi, oradan yigirma daqiqa o‘tgach, B. Ismatov tajovuzkor qiyo­fada yana F. Ro‘ziqulovning uyiga keldi va haqo­ratli so‘z­larni yog‘dirgancha darvozani ochishni talab qila boshladi.

Bu gal darvozani F. Ro‘ziqulovning turmush o‘rtog‘i Inobat aya ochdi:

— Nega yarim tunda bizni bezovta qilayapsan? Yangi velosiped olib beramiz, deb ayt­di-ku?! — dedi u jahl ara­lash. Am­mo jahldan o‘zini qayer­ga qo‘­yishni bilmay turgan B. Ismatovga ayolning gapi ta’sir qilmadi.

Aksincha, u battar haqorat qi­lishga tushdi. Uning baqirib ha­qoratlashini eshitib, Ahliddin uyidan chiqib keldi. Bir pasdan so‘ng oilaning kenja o‘g‘­li Nuriddin ham tash­qariga chiqdi.

— Sen kimni so‘kayapsan? — deya Nuriddin B. Ismatovga o‘dag‘aylayotganda, uni otasi va akasi Ahliddin to‘x­tatib qo­­li­sh­­­di­. Ammo bu bilan janjal tinchimadi. F. Ro‘ziqulov B. Ismatovni tinchlantirishga urinayotganda, Nuriddin uning yoqasidan tutib, itarib yubordi. Oqibatda B. Ismatov suvsiz ariq­qa yiqilib tushdi. Shundan so‘ng u battar qahrga to‘lib, o‘rnidan otilib turdi va cho‘n­tagidan oshxona pichog‘ini olib Ahliddinning qor­ni va chap qo‘liga sanchdi…

Qo‘ni-qo‘shnilar jarohat olgan Ahliddinni kasalxonaga jo‘nayotgan pallada bundan ham og‘ir fojia ro‘y berdi. Gap shundaki, butkul aql-hushini yo‘­­qotgan B. Ismatov F. Ro‘ziqulovning bo‘­yin qismiga pichoq sanchdi. Ke­yin esa, yanada quturib, uning chap biqiniga ikki marta pichoq urdi.

Afsuski, og‘ir jarohat olgan F. Ro‘­ziqulov voqea joyida hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

Birinchi bosqich sudi sud­la­nuvchi B. Ismatovning mar­hum­ F. Ro‘ziqulov va A. Ro‘ziqulovni o‘ldirish maqsadi bo‘l­magani to‘g‘­­­risidagi ko‘rsat­ma­­larini o‘rganib chiqdi. Ammo uning bu ko‘r­satmalarini asossiz va ja­vobgarlikdan qutulib qolish yoki javobgarlikni yengillashtirish maqsadida o‘y­lab topilgan vajlar deb baholadi. Chunki F. Ro‘­ziqulov va uning o‘g‘il­la­ri keyinroq yan­gi velosipedni olib berishni yoki shikastlangan velosipedini tuzatib berishni aytishganda, B. Ismatov bunga rozi bo‘lgan. Biroq 2021 yil 14 aprel kuni F. Ro‘ziqulovning uyi­ga spirtli ichimlik ta’sirida mast ho­lda borib, janjal ko‘targan. Uni tinchlantirishga urinib, uyiga jo‘natishganiga qaramay u yo‘lda ketayotib, F. Ro‘ziqulov va uning oila a’­zolariga qa­rab «hozir qaytib kelib hammangni o‘ldiraman» deya tahdid qilgan. Ayni shu ho­lat uning odam o‘ldirish jinoya­tini sodir qilishni ko‘z­la­ga­ni­ni ang­latadi. Bu ho­lat jabr­lanuvchi va guvohlarning ko‘r­satmalari bilan ham to‘­liq tasdiqlandi.

Qisqasi, sud hukmi bilan sudlanuvchi B. Ismatov Jinoyat­ kodeksining 97-moddasi 1-qismi hamda 25,97-moddasi 2-qismi «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayb­dor deb topildi. Sudlanuvchiga nisbatan ayblangan har bir modda bo‘­yicha alohida-alohida ozodlikdan mahrum qi­lish jazosi tayinlanib, Ji­noyat­ kodeksining 59-moddasiga ko‘ra, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘­li bilan jinoyatlar majmui bo‘­yicha B. Ismatovga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qi­lish jazosi tayinlandi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, gumrohlik tufayli og‘ir fojia ro‘y berdi. Jazavaga tushish, aql bilan ish tutmaslik bir odamning umriga zomin bo‘l­­­di. B. Ismatov qilmishi uchun ta­yin­langan muqarrar jazo muddatini o‘ta­shi ta­yin. Ammo vijdon azobidan qu­tulish imkoni bormikan? Ma­salaning eng og‘­riqli jihati shunda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring