Dunyo davlatlari iqlim o‘zgarishi borasida javobgarlikka tortilishi mumkin

BMT Bosh assambleyasi Haagadagi xalqaro sudga dunyo davlatlarining iqlim o‘zgarishi borasidagi majburiyat va mas’uliyati yuzasidan tushuntirish berishni so‘rab murojaat yo‘lladi. Bu haqdagi rezolyusiya 29 mart kuni qabul qilindi.

Yig‘ilishda nutq so‘zlagan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro mahkamaning maslahat va xulosasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

«Ushbu xulosa BMT Bosh assambleyasi va a’zo davlatlarga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasida yanada qat’iy va dangal choralar ko‘rish imkonini beradi. Bu esa dunyomiz uchun hayot-mamot masalasidir», – dedi A.Guterrish.

Реклама на Unews

Bosh kotibga ko‘ra, insoniyat «iqlim adolati»ni tiklash, tabiat o‘zgarishlari asoratlarini kamaytirish uchun joriy o‘nyillikda qat’iy harakat qilishi lozim, aks holda, kech bo‘ladi.

Xalqaro sudga yakuniy xulosa berish uchun qariyb ikki yil vaqt kerak bo‘ladi. Mahkama xulosasi dastlabki bosqichda majburiy yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, kelgusida vaziyat o‘zgarishi kutilmoqda.

Dunyo davlatlarining iqlim o‘zgarishi borasidagi majburiyatiga doir rezolyusiya Vanuatu orol-davlati tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Gap shundaki, bu kabi kichik davlatlar atmosferaga juda kam miqdorda zararli gaz chiqargani holda, iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p aziyat chekmoqda. Vanuatuning tashabbusini Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Tojikiston, Ukraina kabi davlatlar ham qo‘llab-quvvatlagan.

Реклама на Unews

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk rezolyusiya qabul qilinishini olqishlab, xalqaro sud xulosasi vaziyatni o‘zgartirishiga ishonch bildirgan.

«Davlatlar zimmasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish, ularga moslashish, yuzaga kelgan zarar va yo‘qotishlarni bartaraf etish borasida majburiyatlar mavjud», – deydi BMT komissari. 

O‘tgan hafta iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi e’lon qilgan hisobotda global isish jarayoni shiddat bilan davom etayotgani, uni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlar sust ekani qayd etilgan.

Avval xabar berganimizdek, BMT rahbari joriy yil fevral oyida dengiz sathi ko‘tarilishi oqibatida ayrim mamlakatlar suv ostida qolishidan ogohlantirgan edi.

So‘nggi tahlillar XX asrda dengiz sathi 3 ming yillik davr mobaynida eng tez sur’atda ko‘tarilganini ko‘rsatmoqda. Agar global harorat yana 2 darajaga oshsa, dunyo okeani sathi misli ko‘rilmagan darajada ko‘tariladi. Oqibatda barcha qit’alardagi megapolislar, jumladan, Lagos, Maputu, Bangkok, Dakka, Jakarta, Mumbay, Shanxay, Kopenhagen, London, Los-Anjeles, Nyu-York, Buenos-Ayres va Santyago jiddiy muammolarga ro‘baro‘ keladi.

Ushbu muammo qashshoqlikni avj oldirib, ijtimoiy-iqtisodiy bo‘hronlar, urush va ixtiloflarga doyalik qiladi. BMT dunyo davlatlaridan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish uchun sa’y-harakatlarni jadallashtirish, atmosferaga chiqayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirishni talab qilmoqda.

Jahon meteorologiya tashkiloti ham oxirgi yillarda zaharli gazlar bo‘yicha aksilrekord qayd etilayotgani haqida bong urgan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring