Buxoroda 11 ta umumta`lim maktabi masofaviy ta`limga o`tkazildi

Respublikada joriy yilning 18 aprelidan boshlab karantin nazorati kuchaytirildi. Xalq ta`limi vazirligi va Sanitariya epidemiologiya xizmati bilan birgalikda koronavirus aniqlangan har bir umumta`lim maktablari faoliyatini ikki haftaga to`xtatish hamda o`qish ikki hafta onlayn rejimda amalga oshirilishi belgilandi.

Buxoro viloyatida ayni paytda xalq ta`limi tizimi xodimlarining 6 nafarida, maktab o`quvchilarining esa 26 nafarida kasallik alomatlari aniqlangan.  

– Kasallik tarqalishining oldini olish va o`quvchilar xavfsizligini ta`minlash maqsadida hozirda ular faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan 11 ta umumta`lim maktabida an`anaviy tarzdagi faoliyat to`xtatildi, – deydi viloyat hokimining ta`lim va tarbiya masalalari bo`yicha maslahatchisi, xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i Dilfuza Mustafaeva. – Maktablar 2 haftalik onlayn rejimga o`tkazildi. Ammo vahimaga aslo o`rin yo`q. Kasallik aniqlangan xodim va o`quvchilar esa zaruriy muolajalarni olmoqda. Ayni paytda kasallik yuqishi va tarqalishining oldini olish, o`quvchilarimiz va tizim xodimlarining xavfsizligini ta`minlash maqsadida viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Ta`lim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Har kuni dars jarayonlari boshlanishidan oldin maktablar hududi va xonalarida belgilangan tartibda dezinfeksiyalovchi vositalarni qo`llagan holda umumiy tozalash ishlari o`tkazilmoqda. O`quvchilar va o`qituvchilarning ta`lim muassasasiga tibbiy niqoblarda kelishi qat`iy nazoratga olingan. Kirish eshiklari oldidagi maydonchalarda, oraliq masofani saqlab turish maqsadida har ikki metr oralig`ida markirovka qilinib, o`quvchilar sinf rahbarlari tomonidan qabul qilib olinadi. Tibbiy hamshiralar va mas`ul xodimlar o`quvchilar hamda maktab xodimlarining tana haroratlarini kontaktsiz pirometr yordamida o`lchagan holda “tonggi filtrlash” bo`yicha maxsus punktdan o`tkazib, kunlik ma`lumotlarni  qayd etib bormoqda.  

Реклама на Unews

Kirish yo`lakchalariga tarkibida xlorli eritma bo`lgan preparat bilan to`yintirilgan dezinfeksiya gilamchalari to`shalgan. Mazkur gilamchalar kuniga kamida 2 marta dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan qayta to`yintiriladi.

Shuningdek, sinf xonalarini tez-tez shamollatib turish qat`iy nazoratga olingan. Barcha sinf xonalarida “Salomatlik” burchaklari tashkillashtirilgan bo`lib, burchaklarda qaynatilgan suv, antiseptik vositalar, maskalar va nam salfetkalar mavjud.  

Yuqumli kasalliklarining belgilari, ya`ni isitma, nafas olish, ichak va boshqa kasalliklari bo`lgan o`quvchilar, maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam tibbiy guruhi yoki o`quvchilarning ota-onalari (qonuniy vakillari) kelguniga qadar zudlik bilan maktablarda tashkil qilingan izolyasiya xonalariga olinadi. Tibbiy xodimlar va sinf rahbarlari har kuni o`quvchilarning davomatini qayd qilib, natijalarni tahlil qilmoqda.  

Реклама на Unews

Umumta`lim maktablaridagi o`quvchilarning sog`lom ovqatlanishini tashkil etish maqsadida oshxona va bufetlar sanitariya-epidemiologik talablar asosida faoliyat yuritmoqda.

Maktablardagi hojatxona va undagi uskunalarni kunida 2 marta tozalovchi va dezinfeksiyalovchi vositalar orqali zararsizlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyatdagi ta`lim muassasalariga 76 tonna antiseptik, viloyat hokimligi tomonidan 50 ming dona, mahalliy byudjet hisobidan 29 ming 772 dona tibbiy niqob, 3 ming 566 dona dozator va 1 ming 173 dona pirometr etkazib berildi.  

Umumta`lim maktablarida kasallik kelib chiqishining oldini olish maqsadida viloyatdagi umumta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 37 ming 468 nafar o`qituvchi va ishchi xodimlarga 292 ming 992 dona gidroksixloroxin tabletkasi hamda 1 million 98 ming 720 dona Sink mikroelementi mavjud dori vositalari tarqatildi. Innovasion sog`liqni saqlash Milliy palatasi tomonidan 1-4 sinf o`quvchilari uchun 2 ming Strongium Sink biologik aktiv qo`shimchasi berildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2020 yil 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash hamda umumta`lim muassasalarida gripp va o`tkir respirator infeksiyalarning mavsumiga tayyorgarlik ko`rish va epidemiologik osoyishtalikni ta`minlash maqsadida viloyatdagi umumta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 28 ming 575 nafar pedagog grippga qarshi emlandi.

Pandemiya davrida ta`lim muassasalari uchun sanitariya va xavfsizlik qoidalari bo`yicha 1 ming 94 dona qo`llanma va 12 ming 955 dona tarqatma-targ`ibot material (poster)lari, joriy yilning mart oyida 4 ming 104 dona “Virus” komiks broshyuralar viloyatdagi barcha ta`lim muassasalariga tarqatildi.  

Sal avval Samarqandda 35 ta maktab onlayn ta`limga o`tgani xabar qilingan edi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring