BIRINCHI BO'L!

Eng muhim yangiliklardan birinchi xabardor bo'ling!

Obuna bo'lish
×

Bugun Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Prezident tabrik yo`lladi

Bugun 25 oktyabr —  Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Prezident Shavkat Mirziyoev sana munosabati bilan ularga tabrik yo`lladi.

"Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari! 
Qadrli ofiser va generallar, serjant va safdorlar!
Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni bugungi kasb bayramingiz hamda O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu qutlug` ayyomda o`z hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrashdek ezgu va olijanob ishga bag`ishlagan sizlar kabi mard va sadoqatli, haqiqiy vatanparvar insonlar sha`niga samimiy tilaklarimizni bildiramiz.

Ayni paytda, o`z xizmat vazifasini bajarish chog`ida qahramonlarcha halok bo`lgan fidoyi xodimlarning xotirasini cheksiz ehtirom bilan yod etamiz.

Istiqlolimizning ilk davrida tashkil topgan ichki ishlar organlari o`tgan sinovli yillar davomida mashaqqatli va sharafli yo`lni bosib o`tib, xalqimizning chinakam tayanchi va himoyachisi sifatida shakllandi, desak, ayni haqiqat bo`ladi.

Sizlarning mustaqilligimizni mustahkamlash, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta`minlash, jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olish borasidagi mardona xizmatlaringizni butun elimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Aziz do`stlar!

Biz o`z faoliyatimizni boshlagan dastlabki kunlardan ikkita eng ustuvor masalaga – jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda aholi sog`lig`ini muhofaza qilishga alohida e`tibor qaratib kelayotganimiz, albatta, bejiz emas. Chunki tinchlik va sog`liq – bu har bir inson, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan o`lchab bo`lmaydigan bebaho ne`matdir.

Shu bois, so`nggi besh yilda ichki ishlar tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, quyi bo`g`in bo`linmalari natijadorligini oshirishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini yo`lga qo`yish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar ongida “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan hayotiy tamoyilni qaror toptirish bo`yicha jiddiy o`zgarishlar joriy etilmoqda.

Ayni paytda, Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati yanada optimallashtirilib, uning tuzilmalari negizida Tezkor-qidiruv, Jamoat xavfsizligi, Transport va turizm ob`ektlarida xavfsizlikni ta`minlash, Jazoni ijro etish, shuningdek, Ma`naviy-ma`rifiy ishlar va kadrlar bilan ta`minlash departamentlari tashkil etilgani tizimning eng quyi bo`g`inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatni yo`lga qo`yish imkonini bermoqda.

Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish bo`yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Xususan, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishda “fuqarobay”, “oilabay” va “mahallabay” ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini ta`minlash amaliyoti joriy etildi.

Bugungi kunda aholining ehtiyojmand qatlami, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarimiz bilan manzilli ishlashni tashkil etib, ularning muammolarini hal etishda ichki ishlar tizimi xodimlari ham muhim hissa qo`shmoqda.

“Xavfsiz mahalla” va “Xavfsiz hudud” tamoyillari asosida ichki ishlar organlarining Milliy gvardiya va mahalla jamoatchiligi bilan hamkorlikdagi ishlari qisqa vaqt ichida o`zining ijobiy natijasini berayotgani biz uchun katta ahamiyatga ega.

Hududlardagi kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning dinamikasi va sodir etilishiga ta`sir qilayotgan omillarni aniqlash va “ilmiy diagnoz” qo`yish orqali jinoyatchilikni prognozlash va uning oldini olishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Biz yangi tariximizda ilk bor yoshlar orasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ilmiy asosda maktab ostonasidan, bolalarning huquqiy-psixologik tarbiyasidan boshladik. Shu maqsadda joriy yilda tizimga 1 ming 100 nafar inspektor-psixologlar ajratildi. Kelgusi yilda bu ko`rsatkichni 2 ming nafarga etkazamiz. Bundan ko`zlangan maqsadimiz – farzandlarimizni maktab yoshidan boshlab qonunga hurmat ruhida kamol toptirishdan iborat. Ishonamanki, bu vazifani a`lo darajada bajaramiz.

Hududiy bo`linmalarning tezkorligini oshirish va ularning moddiy-texnik ta`minotini yaxshilash uchun sohaga 2016-2021 yillarda qo`shimcha 3,5 mingga yaqin yangi transport, 16 mingdan ortiq maxsus va texnik vositalar ajratildi.

Mutaxassislar tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi yo`lga qo`yilib, xodimlarning malakasiga qarab xizmat bo`yicha o`sishini ta`minlash, shuningdek, rahbarlarning professional salohiyatini oshirish borasida tizimli choralar ko`rilmoqda. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriat va magistraturani o`z ichiga oladigan ikki bosqichli zamonaviy oliy ta`lim tizimi, o`quv jarayoniga nazariya bilan amaliyot uyg`unligini ta`minlash uchun yangi ta`lim mexanizmlari joriy qilindi.

Yangi tashkil etilgan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar sohasi uchun ham etuk kadrlarni tayyorlash jarayoni boshlandi. Xodimlarni xizmat davrida uzluksiz o`qitish uchun ilk bor Malaka oshirish instituti ochilib, zamonaviy yondoshuvlar asosida masofaviy va mobil sayyor kurslarni o`tkazish amaliyoti joriy etildi.

Tajriba almashish, o`zaro huquqiy yordam ko`rsatish, xodimlarni o`qitish sohasida hamkorlikni mustahkamlash yo`lida jahonning 29 ta davlati huquq-tartibot idoralari bilan erishilgan ikki tomonlama xalqaro kelishuvlarga muvofiq amaliy ishlar olib borilmoqda.

Fidoyi xodimlarning mehnatini munosib baholash, ularni ijtimoiy himoya qilish va qo`llab-quvvatlash bo`yicha salmoqli ishlar qilindi. O`tgan besh yil mobaynida 500 dan ortiq ichki ishlar xodimlari va harbiy xizmatchilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Xizmat xususiyatidan kelib chiqqan holda, alohida sharoitlarda o`z vazifalarini bajaruvchi 25 mingdan ortiq xodimlarning oylik maoshlariga ustama haqlar belgilandi. 7 246 nafar xodimlar xizmat uylari bilan ta`minlandi, shuningdek, imtiyozli ipoteka krediti asosida qurilgan ko`pqavatli uylardan 2 ming 300 ga yaqin xonadonlar ajratildi.

Hurmatli soha vakillari!

Ayni paytda, global dunyodagi shiddat bilan o`zgarib borayotgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat soha faoliyatini zamon talablariga mos ravishda mutlaqo yangicha usullarda tashkil etishni taqozo etmoqda.

Shaxsning huquq va erkinliklari kafolatini kuchaytirish, surishtiruv va tergov faoliyatini adolatli, xolis va haqqoniy olib borish bo`yicha samarali mexanizmlarni joriy etish, kiberxavfsizlikni ta`minlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha izchil ish olib borishimiz lozim.

Sohaga ilg`or tajribalar va ish usullarini, innovasion-raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xodimlarning intellektual va kasbiy salohiyati, ma`naviy-ma`rifiy saviyasi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish, ularning mashaqqatli va fidokorona mehnatini munosib qadrlash bo`yicha zarur chora-tadbirlarni belgilash talab etiladi.

Muxtasar aytganda, ichki ishlar organlarini aholiga va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, bu tizimni chin ma`noda xalqchil tuzilmaga aylantirish borasidagi islohotlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz.

Men Yangi O`zbekistonning ichki ishlar organlari xodimlari – Vatanimizning asl o`g`lonlari sifatida zamonaviy bilimlarni egallagan, ma`naviy va ma`rifiy dunyosi boy, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor xalqimizning chin ma`nodagi himoyachilari ekaningizga qat`iy ishonaman.

Sizlarni bugungi qutlug` bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sog`lik, oilalaringizga fayzu baraka, mas`uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman",–deydi Prezident

Fikr qoldiring