Bir qiz sha’ni — millat sha’nidir!

Ijara uydan haydalayotgan talaba qizlar haqidagi videolavhani ko‘rib, dilim og‘ridi.

Kechagina yana bir tanish singlim ham xuddi shunday vaziyatda ekanligini, xonadon egasi besh yuz dollarga qoniqmay, olti yuz bermoqchi bo‘lgan rossiyalik qochoqlarni qo‘ymoqchi bo‘layotgani, noilojlikdan nima qilishni bilmay turganligini aytgandi.

Yon yo‘lakdagi badavlat qo‘shnim esa, uy so‘rab kelgan talabalarni ijaraga qo‘ymay, o‘rniga alkash, og‘zi shaloq o‘risni qo‘ygani va u "ming dollar to‘layapman, bolalaring uyimni to‘g‘risidagi maydonchada o‘ynashmasin" deganini yozgandim.

Kimdir o‘risni ayblasa, kimdir ochofat uy egalariga tosh otyapti. Lekin muammo faqat ulardami?

Butun boshli tizimdaku!

Ana, Turkiyaga boring, markazdagi eng chiroyli joylarda peshtoqiga falon oliygohga tegishli "Örenci kızlar yurdu" (Talaba qizlar yotoqxonasi) deb yozilgan muhtasham binolarga ko‘zingiz tushadi.

U binolarning ichi-tashi, xizmat ko‘rsatish sifati ham mana-man degan mehmonxonalardan chiroyli. Ichiga kirib og‘zim ochilib qolgan.

To‘lovi ham chaqmaydi, yana ertalabki nonushtasi ham bor.

O‘ta qimmatlari ham topiladi, lekin ularga ham ehtiyoj bor.

Davlatga tegishli oliygohlarning ichida esa, talabalar uchun ochiq-yopiq suv havzali, stadionli, fitnes zal-u yana turli mashg‘ulotlar o‘tiladigan imkoniyatlarga ega shaharchalar mavjud.

Arzon va to‘yimli taomlar tayyorlanadigan oshxonalar, kutubxona va butun hududda ishlaydigan uchqur vayfay haqidaku gapirmasam ham bo‘ladi.

To‘g‘ri, oxirgi yillarda ularda ham yotoqxona taqchilligi ancha dolzarb. Biroq, darrov universitet rahbariyati, hatto o‘sha o‘quv yurti joylashgan shahar baladiya boshqonligi muammoni yechishga kirishishadi.

Universitet rahbariyatiga qiynalgan, muhtoj iqtidorli talabalarga moddiy yordam berishga tayyor homiylar qo‘ng‘iroq qilishadi.

Turkiyaning uzoq bir viloyatidan kelib, poytaxt Anqarada to‘rt yil o‘qigan qiz bilan tanishdim. U Ibn Sino nomidagi klinikaning yetakchi pediatri ekan.

Bir kuni besh yulduzli mehmonxonaday go‘zal bir binoga ishora qilib, ko‘zi yoshlandi. "Men shu yerda turib o‘qiganman. Ha, hayron bo‘lmang! O‘zi kambag‘al oila farzandiman. Kimligini ham oshkor qilishni xoxlamagan yaxshi bir inson qizlar uchun mo‘ljallangan xususiy yotoqxonadagi xonam uchun to‘rt yillik ijara pulini to‘lab bergan. Bu yerda faqat boy qizlar yashaydi deb o‘ylardim. Adashibman. Mendan tashqari yana bir qancha iqtidorli talaba qizlar homiylik asosida yashashar ekan. Bugungi yutuqlarimda o‘sha xayrsevar insonning ham hissasi bor" dedi.

Ha, Turkiyada talaba qizlar iloji boricha ko‘chada, muhtoj, nazoratsiz qoldirilmaydi.

Bu millat sha’niga aybdir!

Bizdachi? Qachonki ko‘rpa-to‘shak orqalab, o‘rindiqlarda tunayotgan talabalar surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach hokim buvani vijdoni o‘yg‘onib, ikkita maskanni shoshilinch yotoqxonaga aylantirib yubordi. U oynavand binolar qishda isiydimi, yo‘qmi, Xudo biladi. Isisa ham universitetlardan ancha uzoq. Yigitlar mayli, qizlar tiqilinch transportda yurishlarini tasavvur qiling!

Darsdan so‘ng ishlab, kech qaytadiganlar ham bor. Tupkani tagiga borish osonmi?

Hech bo‘lmasa talaba qizlarga shahar ichida yotoqxonalar tashkil qilinmaydimi?

Ana, xalq puliga qurilgan hayhotday binolar bo‘sh yotibdi. Pokiza joyga qurilgan, bir vaqtlar gullab-yashnagan, fahsh urchigani sabab xarobaga aylangan "Chorsu" mehmonxonasini ham ta’mirlab, faqat qizlar turadigan, chet elliklar kelsa, ko‘rsatib maqtaladigan namunali yotoqxonaga aylantirsa bo‘ladi.

Qolaversa yangi qurilgan, qimmatligi uchun sotilmayotgan bo‘sh uy-joy komlekslarini bir nechtasini jihozlab, bekorga emas, ijara asosida talabalarni joylashtirsa bo‘ladi.

Menga qolsa, Toshkent siti qurilishidan avval buzib tashlangan, minglab iste’dodli bolalarga ilk saboqlarni bergan sobiq "Pionerlar uyi" hududida qurilgan muhtasham uylarni eng iqtidorli talabalar yashaydigan xonadonlarga aylantirgan bo‘lardim.

Bizda ham hech bo‘lmasa talaba qizlarning ijara pulini to‘lab bera oladigan mardlar yo‘qmi? Millionlab oylik olayotgan va sessiyalarda esnab o‘tirgan Oliy majlis qonunchilik palatasi deputatlari va qilayotgan ishlarini faqat o‘zlarigina tushunadigan senatorlarimizning har biri bittadan talaba qizga homiylik qilsa bo‘lmaydimi?

Boylarning qaysi biri biror universitet rahbariyatiga murojaat qilib, muhtoj qizlar ro‘yxatini so‘ragan?

"Kamqon, rangpar qizlar kelsa ovqatini tekin ber", deb biror oshxonaga pul o‘tkazib qo‘yganlar haqida eshitganmisiz?

Bemor talaba qizlarni tekin davolaydigan klinikalar haqida ma’lumot bormi?

Yana “millat genfondi buzildi. Aksariyati mardikorlikka yaraydigan pachoq-pachoq bolalar tug‘ilyapti” deb kuyinamiz.

Aslida bu muammolar avvaldan bor edi. Masalan biz o‘qiganimizda nisbatan yotoqxonalar ko‘p bo‘lgani bilan, ulardagi sharoit talabga javob bermasdi. O‘zim yashagan to‘rt qavatli yotoqxonada qiz-yigit aralash turgani uchun ba’zi tuppa-tuzuk qizlar ham homilador bo‘lib qolardi.

Bu yuztadan bitta holat bo‘lsa ham millat sha’niga isnod edi.

To‘rt qavatda yashovchi talabalar uchun birinchi qavatning ikki burchagida oynasi yo‘q hojatxonalar, qishdagina issiq suv keladigan vokzaldagi tualetlardan ham xarob dushlar bor edi.

Birinchi kursga kirganimda ToshPMI talabalar shaharchasidagi binoda ikkita krovat, pachoq stol-stuldan boshqa hech vaqosi yo‘q xonani yalinib olganman.

Keyin xonadoshim bilan devorlariga yangi gulqogozlar yopishtirib, devoriga kitob tokchalar qoqtirganmiz. Chiroyli gultuvakdagi gullar bilan yashnatib yuborganman.

Xona istarali bo‘lib qolgach, bizni bir bahona bilan u yerdan chiqarib, o‘rnimizga assistent bo‘lib ishlovchi domlani oilasi bilan kirgizib qo‘yishgan.

O‘shanda men ham singlim bilan rosa ijara uy qidirganmiz.

Bir kuni "Tashkentskaya nedelya" degan haftanomada arzon ijara uy haqidagi e’longa ko‘zim tushib, oyog‘imni qo‘limga olib uchib bordim. E’lonni keksa odam berganiga xursand edim. Iymonli, insofli bo‘ladi qariyalar degan chiroyli gumonda edim.

Uy Sebzorda edi. Uy eshigini keksagina kampir ochdi. Oppoq sochlari o‘ziga yarashgan farishtaga o‘xshardi. Menga boshdan-oyoq nazar tashladi. Men ham odobim yoqsin deb, o‘zbekona tavoze bilan salom berib jilmayib turardim:

U "Yaxshi. Singling ham o‘zingday bo‘lsa ijaraga qo‘yaman, lekin boshqa qizlar ham bo‘ladi" deb ko‘p xonali uyini bir-bir ko‘rsata boshladi.

Har bir xonada kattakon yotoq bor edi. “Mayli, singlim bilan birga uxlayveramiz. Muhimi issiqqina, muhimi metroga yaqin" deb xursand edim.

Kampir esa "rosa sodda ekansan-a" deb kulib, ijara bepulligi, faqat shartlari borligini aytdi.

Yanayam quvonib ketdim. Qanaqa shartligini ham so‘ramay, "hoziroq borib singlimni, birovlarnikida turgan ashqol-dashqolimni olib kelaman, keyin gaplashamiz" deb, qayta-qayta rahmat aytgancha xonadondan chiqdim.

Uchinchi qavatdan uchib hovliga tushsam, yo‘lak chetidagi o‘rindiqda ikki ayol o‘tirgan ekan.

Ular yangi qo‘shnilarimku deb, salom berib endi ikki qadam uzoqlashsam ortimdan g‘alati gap qilishdi:

– Essiz... Yoshgina ekan. Soddagina ko‘rinadi. Minavar g‘arning to‘riga ilinibdida...

Oyogimgacha muzlab, qadam bosolmay qoldim. Uy egasi bo‘lgan momo o‘zini Minavar xola deb tanishtirgandi. Nega qo‘shnilari uni g‘ar deyapdi? Ortimga burilib, arang ovozim chiqdi:

– Kim g‘ar?

Ular uchinchi qavatdagi oynalarga bir qur qo‘rqib nazar tashlab, sekin gap boshlashdi:

– Hozir sen ko‘rgan paxtaday nuroniy kampirda. Uchiga chiqqan qo‘shmachi. Sizlardaka sodda talabalar uchun bepul joy bor deb e’lon qo‘yadi. Uyidagi katta yotoqlarni ko‘rmadingmi? Ket bu yerdan bolam, yarim kechasi yoningga bitta erkakni kirgizadi, tamom. Qancha qizlar nomusidan ayrilganini bilasanmi? Hech narsa qilisholmagan. Chunki kampirshoning tankasi kuchli. O‘g‘li prokuror, kuyovi kottakon lavozimda ishlaydi. Biz hatto shikoyat ham qilolmaymiz...

Qolgan gaplarini eshita olmadim. Qulog‘im guvillab, miyam o‘chib, karaxt bo‘lib qoldim. Shunchalik sodda, shunchalik laqma bo‘lamanmi?

Sal qolsa men ham, singlim ham badnom bo‘lar edikku!

O‘sha joydan qanday qochganimni aytsam.... O‘kirib yig‘lagancha yugurganman.

Hozir bunaqa qo‘shmachi Minavar g‘arlar yo‘q deysizmi? Ko‘chada qolgan sodda talaba qizlarni uyiga chaqirib olsachi?!

Qachon biz odam bo‘lamiz o‘zi?

Davlat ham, puli ko‘payib ketgan tadbirkorlar ham o‘ylab-o‘ylamay yangidan-yangi universitetlar ochyapti-yu, na ta’lim sifati, na beradigan diplomiga topiladigan ish, eng muhimi esa na poytaxtga ilk kelgan 17-20 yoshli g‘o‘r talaba qizlarning hayoti bilan qiziqmaydi.

Ota-ona yaxshi tarbiya bergan bo‘lsada, har kavakda g‘ar, har burchakda nafsi buzuq shaytonlar to‘lib yotibdiku!

Uyimiz ro‘parasidagi o‘rindiqda tunagan, qizim "bomj" deb o‘ylagan talabalar bilan faqat Yoshlar ittifoqi agentligi qiziqdi. Markaziy komitetdan qo‘ngiroq qilishib, o‘sha yigitlar yana qaytib kelishsa telefon raqamlarini olib qolishimni iltimos qilishdi.

Yana shunday holatga guvoh bo‘lsam, shaxsan o‘zlari bilan bog‘lanishimni tayinlashdi.

Lekin qolganlarchi? Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoni Senat yoki deputatlar ko‘rishmaganmi?

Nega xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘r?

Nega mahalla Vazirligi soqov?

Yoki vodiy, vohaning biror mahallasidan kelgan talaba qizlar Toshkentga begonami?

Ko‘chaga haydalgan qancha qiz azim shaharda qo‘yilgan minglab tuzoqlardan qochib, kelajakda gulday oila bekasi, o‘tmishidan uyalmaydigan beka, o‘z qizlari uchun ibratli ona bo‘la oladimi?

Unutmang, bir qizning iffati buzilsa - millatimiz yuzi qiyomatgacha qaro bo‘ladi!

P.S. Suratlarda o‘zim shaxsan ko‘rgan Turkiyada talaba qizlar uchun qurilgan yotoqxona manzaralari.

Ko‘zi puldan boshqasini ko‘rmaydigan amaldor, boyvachchalarni ko‘rib ham ko‘zi ochilmaydi-yu, balki vijdoni uyg‘onib qolar degan niyatda ilova qildim.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring