Belarus Mudofaa vazirligi: 9 mingga yaqin rossiyalik harbiylar Belarusga keladi

To‘qqiz mingga yaqin Rossiya harbiylari qo‘shma qo‘shinlar guruhini joylashtirish doirasida Belarusga yetib keladi, deb xabar berdi «Interfaks».

«Birlashgan qo‘shinlar tarkibiga kiruvchi rossiyalik harbiylar bilan birinchi eshelonlar Belarusga kela boshladi. Qayta joylashtirish bir necha kun davom etadi. Umumiy soni 9 ming kishidan sal kamroq bo‘ladi», — Bu haqda xalqaro harbiy hamkorlik departamenti boshlig‘i, vazir yordamchisi Valeriy Revenko yakshanba kuni Twitter’ida ma’lum qildi.

Batafsilroq ma’lumot, Revenkoning so‘zlariga ko‘ra, 17 oktabr, dushanba kuni birikkan harbiy qo‘shinlar uchun o‘tkaziladigan brifingda taqdim etiladi.

10 oktabr kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «Ittifoq davlatining g‘arbiy chegaralarida vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan» qo‘shma mintaqaviy qo‘shinlar guruhini joylashtirish bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qilgan edi.

Bir kun avval Rossiya—Belarus mintaqaviy guruhi tarkibiga kiruvchi Belarusga rossiyalik harbiylar bilan birinchi eshelon yetib kelgani xabar qilingan edi. Uning asosini Belarus harbiylari tashkil qiladi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring