Ayollar va yoshlarni ish bilan ta`minlashda “ijtimoiy shartnoma” tajribasi qo`llaniladi. Bu nima degani?

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta`minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi

Yig`ilishda “ijtimoiy shartnoma” tajribasini keng qo`llash muhimligi aytildi. Bunda, avvalo, fuqaro kasb o`rganishi, ishga joylashishi, o`zini o`zi band qilishi uchun davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ko`mak ko`rsatiladi.

“Daftar”lar bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi. Ular bilan hamkorlikni kengaytirib, jazoni o`tab qaytganlarning ijtimoiy moslashuvi, yoshlar va ayollarni psixologik qo`llab-quvvatlash, ularni chet tillari va kasb-hunarga o`qitish muhimligi aytildi.

Реклама на Unews

Bu ishlarga “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti, Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining salohiyati safarbar etiladi. Bundan tashqari, aholini tadbirkorlikka o`qitish va mikromoliyaviy xizmatlar ko`rsatishdan iborat kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarga yillik 4 foiz stavkada qarz mablag`lari ajratiladi.

Yig`ilishda mo`ljaldagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ularni barqaror moliyaviy manbalar bilan ta`minlash masalasi ham ko`rib chiqildi.

Yoshlar va ayollar bandligini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Реклама на Unews

O`rganishlarda ma`lum bo`lishicha, ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 foizi o`rta ma`lumotli. Ishsiz yoshlarning ham ko`pchiligi zamonaviy bilim va hunarlarni egallamagan.

– Yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yo`lga qo`ysak, ularning munosib ish topishiga ko`maklashsak, ko`plab ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hal bo`ladi. Buning uchun nafaqat davlat ta`lim muassasalari, balki mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar ta`limi markazlarini ham jalb qilish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Qayd etilganidek, bu borada mutlaqo yangi tizim joriy qilinib, nodavlat kasb-hunar ta`limi markazlari orqali yoshlar va ayollarda kasbiy ko`nikmalarni shakllantirish, ularni moliyaviy qo`llab-quvvatlashga Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasidan 100 million dollar miqdoridagi mablag` yo`naltiriladi. Shuning 10 millioni yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o`qitishga, 90 millioni esa o`quv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. “Ijtimoiy shartnoma” orqali nodavlat kasb-hunar o`quv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga ta`lim xarajatlari uchun 1 million so`mgacha subsidiya beriladi.

Yana bir masala – Kasb va lavozimlar klassifikatori bugungi zamon va mehnat bozori talablariga mos kelmaydi. Misol uchun, unda 2 ming 484 ta, ya`ni 70 foiz xizmatchi lavozimi bo`yicha oliy ma`lumot talab etiladi. Xususan, ma`lumotlar bazasi bilan ishlaydigan mutaxassis, veb dizayner kabi ixtisosliklarga oliy malaka talabi qo`yilgan. Ushbu kasblarni IT-markazlarda yarim yilda yaxshi o`rganish mumkin.

Kutubxonachi, tarjimon, bank agenti, reklama mutaxassisi kabi ko`plab vazifalarga ham oliy ma`lumot talabi qo`yilgan. Mehnat bozorida bunday kasblar bo`yicha 4 mingga yaqin vakansiya mavjud.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Kasb va lavozimlar klassifikatorida oliy ma`lumot talab qiladigan mutaxassisliklar va lavozimlarni qisqartirish vazifasi qo`yildi. 

Hokimlarning ijtimoiy masalalar bo`yicha o`rinbosarlari “yoshlar daftari” bo`yicha, mahalla va oila masalalari bo`yicha o`rinbosarlari “ayollar daftari” bo`yicha mas`ulligi belgilandi.

Videoselektor yig`ilishida Bosh vazir o`rinbosarlari, vazirlar va hokimlarning axboroti eshitildi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring