2021 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi

Qonun 23 o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda 1 ta yangi modda bilan to‘ldirildi.

“2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2020 yil 1 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish jarayonida barcha siyosiy partiyalarning fraksiyalari o‘z pozitsiyasini bildirib, qator takliflarni ilgari surgan edilar.
Birinchi o‘qish bilan ikkinchi o‘qish oralig‘ida bo‘lib o‘tgan fraksiyalar, mas’ul qo‘mita hamda ishchi guruh yig‘ilishlarida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin takliflar bildirildi.
Muhokamalar natijasida qonun loyihasining qator muayyan normalariga aniqlashtiruvchi tuzatishlar kiritilganidan tashqari tegishli moddalarga 23 ta prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Deputatlar takliflari asosida hukumat vakillarining roziligida loyiha 1 ta mutlaqo yangi modda bilan to‘ldirildi.
Bundan tashqari, deputatlar taklifiga ko‘ra, 2021 yil uchun Davlat byudjeti loyihasida umumta’lim maktablarini jihozlash uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m, “El-yurt umidi” fondiga qo‘shimcha 32,5 milliard so‘m, Axborot-kutubxona markazlarida kutubxona fondini yangilash va to‘ldirish uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholining sog‘lom ovqatlanishini, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga yangi mexanizmlarni joriy qilish xarajatlariga 63,4 milliard so‘m, yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini rivojlantirish dasturiga 104 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Majlisda bosh moliyaviy hujjat loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, parlament vakillarining bergan savollariga Moliya vaziri T.Ishmetov, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ullari atroflicha javob qaytardilar.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining so‘zga chiqqan vakillari tomonidan Hukumat tomonidan taqdim etilgan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashni taklif etdilar.

Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi hamda Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Реклама на Unews

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring