1000 so‘mlik banknotlar muomaladan chiqariladimi? Markaziy bank izoh berdi

Yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarilishi ko‘zda tutilmagan. Bu haqda Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorov ma’lum qildi, deb yozmoqda "Qalampir.uz" nashri.

“1000 so‘m nominal qiymatdagi banknot 2001 yilda muomalaga chiqarilgan va ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada bo‘lganligi sababli xaqiqatda urinib qolganligini kuzatish mumkin.

Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan ko‘proq muomala jarayoniga kirishi, ya’ni qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi faol bo‘lganligi sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qo‘lida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin”, deydi u.

Реклама на Unews

Bozorovning ta’kidlashicha, bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda.

Markaziy bank rasmiysiga ko‘ra, bugungi kunda banknotlar muomalaga asosan bankomatlar orqali chiqarilayotganligi va bankomatlardan asosan yirik nominaldagi banknotlar joylashtirilishi sababli 1000 so‘mlik banknotlar muomaladan kamayib borayotganligi haqiqat. Bu tabiiy jarayon bo‘lib, xuddi tovarlarga o‘xshab talab kamaysa, banknotlar ham muomaladan kamayib boradi.

“Bankomatlarga 1000 so‘mlik ham joylashtirilsa bo‘lmaydimi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Реклама на Unews

Bo‘ladi. Lekin banknotlar sig‘imi cheklanganligi sababli ularni bir martalik to‘ldirish orqali imkon qadar ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ya’ni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun ko‘proq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi”, deydi Bozorov.

Uning ta’kidlashicha, naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda zarur hollarda bir qismini 1000 so‘mlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq.

Markaziy bank doimiy tarzda muomaladagi naqd pullarning qatorini optimallashtirish, eskirganlarini muomaladan qaytarib olish va ularning o‘rniga yangi banknot va tangalarni muomalaga kiritib borish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarilishi ko‘zda tutilmagan.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring