Xorijdan kelgan «avtoehtiyotqismlar» siri fosh bo‘ldi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» orqali qo‘shni davlatga salkam 800 quti tamaki mahsulotlarini yashirin ravishda olib chiqilishiga chek qo‘yildi.

Bu haqda Xabar.uzga viloyat Bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Durdona Qayumova ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» sostavi orqali xorijiy davlatdan mamlakat hududiga kirib kelgan konteynerlar tranzit yo‘nalishda harakatlanib, qo‘shni  davlatga yetib borishi kerak bo‘lgan. Joriy yilning 2 noyabr kuni viloyat bojxona boshqarmasining «Xo‘jadavlat» temiryo‘l chegara bojxona postida tovar-moddiy boyliklarni turli yashirin yo‘llar bilan olib chiqishga bo‘lgan urinishlarni bataraf etish maqsadida shu yo‘nalishdagi sostavda nazorat reydi o‘tkazilgan. 

Реклама на Unews

Barcha yuk konteynerlari belgilangan tartibda inspeksion ko‘rik orqali tekshirilgan. Bunda konteynerlardan birining yuk kuzatuv hujjatlarida «Avval muomalada bo‘lgan avtomobil ehtiyot qismlari» deya qayd etilgan  tovarlar va inspeksion ko‘rik majmuasining rentgen tasvirlari  o‘zaro mos kelmagani bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan. O‘rganuvlarga ko‘ra, Buxoro hududini kesib o‘tuvchi temiryo‘ldan xorijga olib chiqilayotgan bu «avtoehtiyotqismlar» aslida, tamaki mahsulotlari ekani aniqlangan. 719 ta yirik qutilarda yashirin ravishda olib chiqilayotgan ushbu mahsulotlar ushlab qolingan.

Tamaki mahsulotlari vaqtincha saqlovga olingan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring