Xorazmda o‘zbekistonlik «Yildirim Boyazid»ga hukm o‘qildi!

Inson jismiga gard qo‘nsa, uni bir zumdayoq yuvib tozalash mumkin. Ammo qalbni bezovta qilgan dog‘ni yuvish ancha mushkuldir. Tan jarohati tibbiy muolajalar ko‘magida bir kunmas, bir kun albatta, tuzaladi, ammo ruhiy jarohatni davolash amri mahol. Eng yomoni, uning kasri boshqalarga ham azob beradi,  deb yozmoqda "Aniq.uz" nashri.

Bog‘otlik Doniyor Abdullayev ham shunday bexosiyat «dard»ga chalindi: sarob o‘y-xayollar bu yosh yigitning oromini o‘g‘irladi. Uning iskanjasiga tushib, dilini jarohatladi. Aslida alifni kaltak desa-da, diniy ilmda o‘zini peshvoday tutdi.

Hayriyatki, vijdoni bor ekan, keyinchalik barini tan oldi. Ma’lum bo‘lishicha, diniy aqidalar aslida uning yetti uxlasa-da, tushiga kirmagan. Bari 2015 yil otasi bilan Rossiya Federasiya­sining Nijniy Novgorod shahriga ishlagani borganidan so‘ng ro‘y bergan.

Реклама на Unews

Dastavval savdo-sotiq yumushlari bilan shug‘ullangan, qurilish jabhasida ham ishlagan. Keyinchalik esa, o‘zini sar­hadsiz internet domiga tashlagan. Ushbu olam voqealarini kuzatarkan, diniy ta’lim va da’vatga oid yot qarashlar  ta’siriga tushib qolgan.

Bu singari fahmi sust, ishonuvchan kimsalarning tabiati diniy buzg‘unchilik oqimi «peshvo»lariga yaxshi ma’lum. Ular tomonidan cheksiz-chegarasiz internet dunyosi sahifalariga joylangan yot islomiy qarashlar, g‘oya, da’vat, ma’ruza va chaqiriqlar, audio va video tasvirlar aynan shu yanglig‘ iymoni sust kimsalarni to‘g‘­ri yo‘ldan ozdirishga qaratilgan.

Doniyor ushbu mazmundagi safsatalarni avvaliga o‘zi o‘qib-o‘rgandi, so‘ngra chor-atrofdagilarga ham oqizmay-tomizmay yetkazish rejasini tuzdi. Sudda tan olib aytdiki, Rossiya Federasiyasida o‘tgan bir necha yillik hayoti diniy aqidaparsatlikka daxldor voqealar, da’vat va undovlardan yiroq kechmagan. 2018 yilga kelib, mo‘min-musulmonlar olamida fitna qo‘zg‘ovchi da’vat va ma’ruzalari bilan internetning buzg‘unchi sahifalariga allaqachon uya qurib olgan Abdulloh domla, Mahmud Abdulmo‘min singari buzg‘unchi kimsalarning undov va chaqiriqlarini tinglash, yod olish bilan kifoyalanmay ularni uzoq-yaqindagi tanish-bilishlariga tarqatishga ham kirishgan.

Реклама на Unews

Bu boradagi qilmishlarini keyinchalik o‘z jonajon eli — Xorazm vohasiga qaytganidan so‘ng yana davom ettirgan. Hatto aqida o‘rganishga qaratilgan diniy mashg‘ulotlar uyushtirishdan ham tap tortmagan. Bevosita uchrashuvlar, yuzma-yuz suhbatlar, muloqotlar hamda uyali telefon orqali uchirma qilgan tasvirlar, da’vat va ma’ruzalar esa, tezora yaqin-yiroqdagi tanishlar, tengqurlar, hatto o‘z tug‘ishgan singlisi va opasining qalbini ham zabt etgan. Doniyor va unga hamtovoq bo‘lmish «peshvo»larning fikricha, islom ta’limoti bitta, ammo unga nisbatan qarashlar ikkita emish. Boshqacha aytganda, jahon sahnidagi bir hovuch buzg‘unchilar ushbu ta’limotning bir burji, ularga qa­rama-qarshi tarafdagi necha yuz million mo‘­min-musulmonlar esa, ikkinchi burjini tashkil etishadi va ozchilikdan iborat buzg‘unchilar o‘zlaridan chandon hissa ko‘p dindoshlarni o‘z izmiga yurgizmoqlari darkor va bu ishni da’vat, chaqiriqlardan ham ko‘ra, jihod, ya’ni qirg‘inbarot urushlar, bosqinlar, ta’qib, tahdid va tazyiqlarga suyangan holda amalga oshirish zarur emish.

Taassuf. Doniyor bu boradagi qilmishlarini battar avj oldirdi.

Internet makonida da’vatchilik uchun maxsus «Yildirim Boyazid» profilini ochdi. Unga Mahmud Abdulmo‘minning 20 dan ziyod  qo‘llanmalari, Abdulloh ismli kimsaning ekstremis­tik ruhdagi ma’ruzalarini joy­ladi. Joylabgina qolmay, odamlar orasida fitna va fisqu-fasod qo‘zg‘ovchi targ‘ibot-tashviqot vositalarini o‘zining o‘nlarcha tanishlari, qarindosh va maslakdoshlari hukmiga ham muntazam havola etib bordi. Bu bilan ham cheklanmay, ig‘vo-bo‘hton tarqatuvchi, buzg‘unchilikka yetaklovchi bir qancha saytlar, profil va sahifalar orqali turli «da’vat»lar, ovoz­li va tasvirli materiallarni yig‘ish, ularni o‘z mobil telefoni va fleshkartalar xotirasiga joylash, o‘z nav­batida, tanishu notanish manzillar bo‘ylab tar­qatish hamda ko‘ngli diniy aqidaparastlikka moyil kimsalarni «ovlash», yig‘ish va turli buzg‘unchi sayt ham­da sahifalarga jalb etishda, ayniqsa, ko‘p jonbozlik ko‘rsatdi. Shunday kunlarning birida, aniqrog‘i, 2019 yilning avgust oyida Ukraina davlatidan shum xabar keldi. Ma’lum bo‘lishicha, buzg‘unchilar rahnamosi Abdulmo‘min ushbu mamlakat huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘l­ga olinibdi. Doniyor va uning mazkur mamlakatdagi sheriklari katta tahlika ostida uni qay yo‘l bilan bo‘l­masin, ozodlikka chiqarish choralarini izlashdi. Bu qabih niyat yo‘­­li­dagi harakatlarni faol boshlab, bir qator amaliy harakatlar, da’vat va undov tadbirlarini amalga oshirishdi. Bu harakatda Doniyor yanada faollik ko‘rsatadi. Qo‘lga tushgan buzg‘unchi rahnamo «da’vatchi»ning inongan xaloskori sifatida namoyon bo‘ldi. Shu asnoda ig‘vo tarqatuvchi «Putnik-putnik» saytini izlab topdi va tezda uning «ishchan dastyo­ri»ga aylandi. Islom dunyosini larzonga solish, odamlar orasida qo‘r­quv va tahlika uyg‘otish, shu yo‘l bilan O‘zbekiston va jahonning boshqa mintaqalarida parokandalik vaziyatini yuzaga keltirishdan iborat xatarli harakatni bu jarayonda ham susaytirmadi, da’vat amallarini uzluksiz uyushtirib bordi. Doniyorning yaqin tanishlari, sinfdoshlari: Doston Qutlimurodov, Jahongir Botirov, Bahodir Omonov, Mahmudjon Ro‘zimatov, Shuhrat Jumanazarov, Nuriddin Kenjayev, Ne’mat Qurbonniyozov, Sherali Sultonov, G‘ulomjon Boltayev, Farruh Yo‘ldoshev singari o‘nlarcha kishining ongini zaharlashga qaratilgan urinishlar ana shu jarayonda amalga oshirildi.

Albatta, bu singari ho­lat­larning bari mustaqil O‘zbe­kis­tonimiz qonunchiligiga zid holat va unga ko‘ra, odamlar ongini turli nojoiz qarashlar, g‘oya­lar, da’vat, ma’ruza va tar­g‘ibot-tashviqotning boshqa vositalari orqali zaharlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Elni sarosimaga soluvchi, parokandalikka yo‘l ochuvchi, kishilarning xohish-irodasi, erki va erkinligini poymol etuvchi qilmishlar qat­tiq qoralanadi.

Bunday harakatlar yurtimiz konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz, jamoat xavfsizligi va jamiyat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash yoki tarqatishga qaratilgan jiddiy jinoiy qilmish sifatida baholanadi. Bu yanglig‘ qilg‘ilikni yashirish, sir saqlash, xas­po‘sh­lashning esa, iloji yo‘q. U bir kunmas, bir kun oshkor bo‘ladi va tajovuzkorni o‘z jirkanch qilmishining qi­dir­mi­shi tomon yetaklaydi.

Yurtimizdagi huquq-tartibot idoralari shu yil bahor chog‘i 1995 yil Bog‘ot tumanining Mirishkor qishlog‘ida tug‘ilgan Doniyor Abdullayevning aqidapa­rast­likdan iborat bir necha yillik qilmishiga chek qo‘yishdi. O‘tgan vaqt mobaynida yuz ber­gan nojo‘ya qilmishlarning barcha tafsiloti esa, sud va tergov jarayonida oydinlashdi.

Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining O‘zbekiston Respublikasi konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qi­lishga doir qilmishni nazarda tutuvchi 159-moddasi 1-qismi (tuzumga qarshi da’vat qilish, shunday mazmundagi materiallarni tayyorlash, tarqatish), jamoat xavfsizligi va jamiyat tartibiga tahdid solish bilan bog‘liq xatti-harakatlarga oid 244-1-moddasi 1- va 3-qismi «g» bandi bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Sud ushbu ayb­ni e’tirof et­sa-da, muayayn moddaning bir yo‘la 2 ta bandi, chunonchi, 244-1-moddaning 1 ham­da 3-qismlari bo‘yicha jazo ta­yinlash masalasiga bir muncha boshqacha yondashdi. Kodeksning jinoyatlar majmuiga oid 33-moddasiga amal qildi. Unga ko‘ra, shaxs sodir etgan qilmishda Jinoyat kodeksi ayni bir moddasining turli qismlarida  nazarda tutilgan alomatlar mavjud bo‘lsa, u ushbu moddaning og‘irroq jazo belgilangan qismi bo‘yicha javobgarlikka tortiladi. Sud ush­bu talabga rioya etar ekan, ayblanuvchi o‘z qilmishiga to‘liq iq­rorligi, qilmishlaridan pushaymonligi, endilikda xatti-harakatlari oqibatini chuqur anglab yetgani, yoshligi, hali oi­la qu­rishga ham ulgurmagani, hayotning to‘g‘ri va ravon yo‘llari tomon intilayotganini inobatga olib, unga nisbatan ko­deks­ning yengilroq jazo tayinlashni nazarda tutuvchi 57-moddasini tatbiq qilishni maqsadga muvofiq, deb hisobladi va 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.

Inson — o‘tkir aqlu-idrok, yuksak farosat sohibi sifatida moddiy borliq hamda sarobiy manzara orasidagi tafovutni darhol payqamog‘i darkor. Zero, o‘zini aql-hush egasi sanagan ki­shi zinhor sarobni quvlab umr o‘tkazmaydi. U bor-yo‘g‘i aldamchi, adashtiruvchi, yo‘ldan toydiruvchi, o‘ziga tortuvchi, maftun etuvchi ohanrabosimon manzara ekanligini darhol anglab yetadi. Afsus, Doniyor buni vaqtida o‘z aqli-idroki-la fahmlab yetolmadi. Izlagani sarob ekanligini unga adolatparvar qonun eslatganidan so‘nggina ko‘zi moshday ochildi. Yana bir jihat: u hali yosh. Demak, kelajagi ha­li oldinda. Hur fikrli tengdoshlari qatori yorqin istiqbol kutayapti uni. U ana shu nurli saodat manzilini topa olarmikan? Bizningcha, ba­ri uning o‘ziga bog‘liq. Bi­nobarin, ezgulik izlaganlar — murodga, yovuzlik istaganlar esa, pushaymonlik ko‘chasiga yetishadi. Buni unutmaslik darkor.

Ra’no Kamalova,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Xorazm viloyat sudi sudyasi,

Abdulla Sobirov,

jurnalist

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring