Xitoy sanksiyalar sabab arzonlashayotgan rus kompaniyalari ulushini sotib olmoqchi

Xitoy Rossiyaning “Gazprom”, “Rusal” va boshqa energetika, xomashyo kompaniyalari aksiyalarini sotib olish yoki mavjudlarini oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” manbalarga tayanib, xabar berdi.

Pekin o‘zining davlat firmalari, jumladan China National Petroleum Corp., China Petrochemical Corp., China Aluminium Corp. va China Minmetals Corp. bilan Rossiya kompaniyalari yoki aktivlariga sarmoya kiritish imkoniyatlari haqida muzokaralar olib bormoqda. Har qanday kelishuv Xitoy importini ko‘paytirishga qaratilgan bo‘ladi, chunki XXR o‘z energiya va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashdan tobora ko‘proq manfaatdor, deydi ekspertlar.

Nashrning ta’kidlashicha, munozaralar dastlabki bosqichda va kelishuvlarga olib kelmasligi mumkin. Ayrim xabarlarga ko‘ra, Xitoy va Rossiya energetika kompaniyalari o‘rtasida muzokaralar boshlangan. Ukrainadagi vaziyat Pekinga bosimni oshirdi, chunki mamlakatda energiya, metallar va oziq-ovqat narxi misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi.

Реклама на Unews

Narxlar oshishining iqtisodga ta’siridan xavotirlangan amaldorlar tovar yetkazib berish xavfsizligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat berish to‘g‘risida buyruqlar chiqardi. Xitoy Yevropa va Amerika kompaniyalarining Rossiyadan ommaviy ravishda chiqib ketishiga qaramay, Rossiya bilan normal savdo aloqalarini davom ettirishga va’da bergan.

Oxirgi besh yil ichida Xitoy Rossiyadan energiya manbalarini xarid qilishni ikki barobarga oshirib, qariyb 60 milliard dollarga yetkazdi. Xitoyning CNPC kompaniyasi “Yamal SPG” loyihasining 20 foiz ulushiga va “Arktik SPG-2”ning 10 foiz ulushiga ega, Cnooc Ltd. — “Arktika”ning 10 foiz ulushini sotib olgan. 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring