Xalq ta`limi vazirining axboroti eshitildi

2021 yil 26 yanvar kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasining majlisi o`tkazildi. Unda senatorlar, Qo`mita ekspert guruhi a`zolari, Xalq ta`limi vazirligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, qolaversa, 2020 yilda qabul qilingan Prezidentimizning farmon va qarorlari, ta`lim-tarbiya sohasini takomillashtirishga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor yig`ilishlarida berilgan topshiriqlar ijrosini ta`minlash masalalari muhokama qilindi.

Majlisda “Ta`lim to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining umumiy o`rta ta`limga oid qismi ijrosi yuzasidan xalq ta`limi vaziri Sh.Shermatovning axboroti eshitildi.

Реклама на Unews

Ta`kidlanganidek, so`nggi yillarda ta`lim sohasiga berilayotgan e`tibor natijasida xalq ta`limi tizimida qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, olib borilgan islohotlar natijasida 2020 yilda oliy ta`lim muassasalariga hujjat topshirgan maktab bitiruvchilari soni 2 barobarga oshib, abiturientlarning 23 foizini tashkil etgan. Ajratilgan davlat kvotasining 34 foizini (2019 yilda – 23 %) maktab bitiruvchilari egallagan. Shu bilan birga, umuman bitiruvchisi oliy ta`lim muassasalariga kirmagan maktablar soni 3 baravarga (2019 yilda - 2126 ta, 2020 yilda – 692 ta)  kamaygan.

Tizimdagi pedagog-kadrlarning sifat tarkibi yaxshilanib, oliy toifali o`qituvchilar soni 9,4 foiz, birinchi toifali o`qituvchilar soni 6 foizga oshgan.

Реклама на Unews

Bundan tashqari, 2020 yilda matematika fanidan 56 ta, kimyo-biologiya fanidan 28 ta, informatika va AKT 14 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgan.

2020–2025 yillarda xalq ta`limi tizimida inklyuziv ta`limni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan.

Majlisda senatorlar tomonidan sohada o`z echimini kutayotgan muammolar mavjudligi ta`kidlandi. Xususan, 2020 yilda 175 maktab ta`lim sifati qoniqarsiz, deb baholanganligi sababli akkreditasiyadan o`tmagan. O`quvchilarning umumiy o`zlashtirish darajasi Sirdaryo viloyatida 60,7 foiz, Toshkent viloyatida 62,4 foiz, Jizzax viloyatida 62,7 foiz, Andijon viloyatida 64,2 foiz, Namangan viloyatida 64,4 foizni tashkil etib, respublika ko`rsatkichidan past daraja qayd etilgan. Nazorat ishlari o`tkazilgan umumta`lim fanlaridan o`quvchilarning o`zlashtirish darajasi fizika fanidan 54,6 foiz, kimyo fanidan 54 foiz natijaga erishgan.

Shuningdek, pedagog kadrlar qayd etgan natijalar 2019 yilga nisbatan taqqoslab o`rganilganda barcha hududlarda natijalarning pasayganligi kuzatilgan. Natijalar Toshkent viloyatida o`rtacha 54,2 ball, Surxondaryo viloyatida 51,7 ball, Qashqadaryo viloyatida 50,5 ballni tashkil etib, o`rtacha ko`rsatkichlari bo`yicha so`nggi ikki yilda ham respublikada oxirgi o`rinlarda bo`lishi, ushbu viloyatlarda pedagoglarning o`z ustida ishlashlari va ularning malakasini oshirishlariga etarli e`tibor qaratilmayotganligidan dalolat bermoqda.

Bundan tashqari, majlisda xalq ta`limi sohasida pedagog xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, mehnat munosabatlaridagi nizolar hamda voyaga etmaganlarning reproduktiv salomatligini saqlash masalalari atroflicha tahlil qilindi.

Majlis ishtirokchilari tomonidan kelgusida umumiy o`rta ta`lim sohasini rivojlantirish, Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalarni sifatli bajarish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi va Qo`mita qarori qabul qilindi.

 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring