​Toshkentda “Tez yordam”ga har kuni bir necha bor murojaat qilayotgan bemorlar soni ma`lum bo`ldi

 “Tez yordam” xizmatida har bir soniyaning qadri oltinga teng. Kasallik xuruj qilgan yoki baxtsiz hodisa tufayli salomatligi xavf ostida qolgan bemorga qanchalik erta yordam ko`rsatilsa, uning hayotini saqlab qolish imkoni ortadi.

Biroq ushbu soha xodimlari faoliyatiga halal beradigan, ularning ish sifatiga salbiy ta`sir etadigan omillar yo`q emas. Xususan, asossiz va yolg`on chaqiriqlar yoki surunkali xastalikka chalingan bemorlarning ushbu xizmatga har kuni bir necha bor takror-takror murojaat qilishi “Tez yordam” avtomashinalarining boshqa chaqiruv manzillariga o`z vaqtida etib bora olmasligiga sabab bo`ladi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.

Albatta, soha faoliyatiga to`siq bo`layotgan bu kabi muammolarning oldini olish, yurtdoshlarimizga o`z vaqtida va sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatish bugun ustuvor masalaga aylangan. Jumladan, Prezidentimizning 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko`rsatish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi qarori bilan joriy yil mamlakatimizda tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilmoqda.

— “103” xizmati tibbiyotning aholiga eng yaqin yo`nalishi hisoblanadi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi bosh direktori Abduvoitjon Gafurov. — Shu bois mazkur sohadagi har qanday ijobiy o`zgarish, eng avvalo, odamlar kayfiyatiga ta`sir etadi.

Xususan, bugungi kunda poytaxt tajribasi asosida markazning hududiy filiallarida yagona — Call-markazlarning tashkil etilishi va uning negizida “Tibbiy maslahat”, “Tibbiy yo`nalish nazorati” va “Call back” kabi ilg`or va yangi boshqaruv mexanizmlarining yo`lga qo`yilishi aholiga qator qulayliklar yaratmoqda.
  
Birgina joriy yil 19 avgustdan boshlab sinov tariqasida poytaxtimizda ish boshlagan tibbiy maslahat berish tizimi orqali bugungacha 410 nafarga yaqin fuqaroga telefon orqali malakali mutaxassislar yordamida zarur maslahatlar berildi.

Qolaversa, Toshkent shahrida Call-markazga kelib tushayotgan chaqiriqlarni saralash hamda bemor va ularning yaqinlariga tibbiy maslahat bergan mutaxassis ma`lumotlari yangi — MedData-103 tizimi orqali shakllantirilib, keyingi tahlil va qaror qabul qilish uchun amalda qo`llanilib borilmoqda.

Yana bir misol. Yangi tizim orqali poytaxtimizda “Tez yordam” xizmatiga kun davomida bir necha marotaba murojaat qilayotgan 138 nafar fuqaro aniqlanib, ular bilan uzluksiz muloqot yo`lga qo`yildi. Natijada bugunga kelib, surunkali kasalliklar bilan og`rib, kundalik tez tibbiy yordamga takror-takror murojaat etayotgan ushbu fuqarolar soni uchdan bir qismga kamaydi.

Bu esa chaqiruvlarga bo`layotgan ortiqcha xarajatlar va tibbiy brigadalarning behuda vaqt yo`qotishining oldini olishga xizmat qilayotir.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring