Toshkentda o`z farzandlarini moddiy ta`minlamagan ota qamaldi

Ota-onalar o`z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Biroq mazkur majburiyat er-xotinning o`zaro munosabatlari darz ketishi va oila atalmish muqaddas qo`rg`onning buzilishi natijasida aro yo`lda qolmoqda. Ikki tomon o`z haqiqatini himoya qilib, o`z “men”ini ustun qo`yishi oqibatidan kelib chiqadigan jabrni esa muhabbat mevalari – farzandlar totmoqda... 

 

O`z farzandlari ta`minotidan voz kechadigan otalar afsuski etarlicha topiladi. 45 yoshni qoralagan “qahramoni”miz ham 2 farzandning otasi. Fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo sudining 2018 yildagi sud buyrug`iga ko`ra, undan da`vogar foydasiga voyaga etmagan ikki nafar farzandining ta`minoti uchun to ular voyaga etgunga qadar qarzdorning har oydagi jami daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

 

Qarzdor ota sud buyrug`iga binoan moddiy yordamga muhtoj bo`lgan farzandlarini moddiy ta`minlab turishi uchun sobiq rafiqasi foydasiga aliment pul mablag`larini to`lab borish uning majburiyati ekanini bilsa-da, biroq u 2018 yilning iyulidan 2021 yilning avgustiga qadar jami 35 733 293 so`mni to`lashdan bo`yin tovlab kelgan. Shu sababli jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudining 2021 yildagi qaroriga ko`ra, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 47-4-moddasiga asosan 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.   

Реклама на Unews

Biroq, qarzdor otaga ma`muriy jazo qo`llanilganidan o`ziga tegishli xulosa chiqarmagan. Da`vogar foydasiga voyaga etmagan farzandlarini moddiy ta`minoti uchun sud buyrug`iga asosan undirilishi lozim bo`lgan aliment pulini to`lashdan bo`yin tovlab kelgani uchun ushbu davrda ikki oydan ortiq 3 947 201 so`m, jami esa 39 680 494 so`m aliment qarzdorligi vujudga kelgan.

Sudlanuvchi ota sud majlisida aybiga to`liq iqrorlik bildirdi: — sobiq rafiqam bilan qonuniy nikohdan o`tganmiz, ikki nafar farzandimiz bor. Oilaviy kelishmovchiliklar sabab ajrashganmiz. Moddiy sharoitim yaxshi bo`lmagani sababli ikki oydan ortiq muddat mobaynida aliment pulini to`lamaganim uchun jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tumani sudining 2021 yildagi qaroriga asosan aybdor deb topildim va 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ma`muriy jazoni o`tab chiqdim. Ishim yurishmagani sababli aliment pullarini to`lay olmadim. Majburiy ijro byuro xodimlari tomonidan ogohlantirilganman. Jami undirilishi lozim bo`lgan 39 680 494 so`m aliment pulini to`lamaganman, - deya unga nisbatan engilroq jazo tayinlashni so`radi.

Jabrlanuvchining sud majlisida bergan ko`rsatmasiga ko`ra,o`tgan davr uchun undirilishi lozim bo`lgan 39 680 494 so`m aliment pullarini to`lashdan bo`yin tovlab, sobiq rafiqasini alimentdan voz kechishini aytib qo`rqitib kelgan. — Yillar davomida umuman aliment to`lamagani sababli etkazilgan moddiy zararni undirib berishni, qonunda belgilangan qat`iy chora ko`rilishni so`rayman, - deb ko`rsatma berdi.

Реклама на Unews

Sudlanuvchi JKning 122-moddasining (voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va 1 yil  ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Manfaatdor taraflarga kelgusida etkazilgan moddiy va ma`naviy zararni undirish masalasi yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring