Toshkentda kamerunlik fuqaro uchun 60 ming dollar garov puli so‘ragan jinoiy to‘da qo‘lga olindi

Toshkent shahar Yashnobod tumanida kamerunlik fuqaro uchun 60 ming dollar garov puli so‘rab, unga turli jismoniy jarohatlar yetkazgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda «Toshkent» telekanalidagi dasturda ma’lum qilindi.

 

Реклама на Unews

Ta’kidlanishicha, Yashnobod tumanida Shakurov Ramzes 2019 yilning 27 may kuni o‘z xonadonida jinoiy to‘dasi bilan birgalikda kamerunlik Jan Marini o‘g‘irlab ketib, to‘rt kun davomida tutqunlikda garovda saqlagan. Voqeaga kamerunlik Mark va Uilyam ismli fuqarolarning qilmishi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ular 2019 yil boshida O‘zbekistonga firibgarlik yo‘li bilan pul topish uchun kelgan va o‘zbekistonlik Shakurov Ramzes odamlarini chuv tushirib, 20 ming dollarni olib ketgan.

Bu hol Ramzes va uning jinoiy to‘dasining g‘azabini keltiradi. Shundan so‘ng ular kamerunlik Mark va Uilyamni O‘zbekistonga chaqirib, daromad topishi mumkinligi haqida aytadi. Lekin kamerunlik firibgarlar O‘zbekistonga o‘zlari kelmasdan Jan Mari ismli shaxsni jo‘natadi.

Jan Marini belgilangan tuzoqqa boshlab borish jinoiy to‘daning Hoshimov Farhod, Qodirov Abbos ismli a’zolariga yuklatiladi. Bu fuqarolar kamerunlik Jan Marini shahar aylantirish bahonasida olib ketadi va Yashnoboddagi xonadonga boshlab keladi.

«Hovliga kirganimda bu yerning holatini ko‘rib qo‘rqib ketdim. Ketmoqchi bo‘lganimda ular meni ichkariga majburlab olib kirishga harakat qilishdi. Shunda ichkaridan Temur ismli yigit chiqib kelib, meni sudrab uyga olib kirdi. Og‘zimga latta tiqib, oyoq-qo‘limni bog‘lab, muzlatkich yoniga yotqizib qo‘yishdi. Boshimni, jag‘imni devorga urishdi. Hozir bu joyni oqlab tashlashibdi», — deydi Jan Mari.

Kamerunlik Jan Mari to‘rt kun davomida tutqunlikda, qiynoqda saqlangan. Bu holni jinoiy to‘da videoga olib, Mark va Uilyamga yuborgan. Ularning maqsadi 60 ming dollar ishlash bo‘lgan. Agar aytilgan summani berishmasa, Jan Marini o‘ldirib yuborish bilan tahdid qiladi.

To‘rt kundan so‘ng Kamerundan so‘ralgan pullarni jo‘natishga rozi ekanligi haqida xabar keladi. Bu xabardan so‘ng jinoiy to‘da a’zolari Jan Marini xonadondan olib chiqib, Yashnobod tumani Jarqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan «Gelikon» mehmonxonasiga olib boradi, yuvintirib, kiyintiradi.

Bu vaqt ichida Tashqi ishlar vazirligiga Fransiya elchixonasidan Jan Marining o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar kelib tushgan. DXX tomonidan tezkor qidiruv ishlari boshlangan va bu jarayon yakunlanmasdan tutqundagi kamerunlik fuqaro qochib ketishga ulgurgan.

Oqibatda jinoiy guruhga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, bu jinoiy ishga aloqador bo‘lgan 15 kishi qo‘lga olingan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 245-moddasi (Shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Shakurov Ramzes va jinoiy guruhning boshqa a’zolariga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq Toshkentda ayolning yalang‘och raqsga tushgan videolarini tarqatish bilan «shantaj» qilib, 50 ming dollar talab qilgan erkak qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring