Toshkentda 23 yoshli qiz chaqalog`ini 9.000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi

Hali turmushga chiqmagan 23 yoshli qiz chaqalog`ini sotayotganida kimyoviy ishlov berilgan 9.000 AQSh dollari bilan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tuman IIO FMB JQ xodimlari va DXX xodimlari xamkorligida o`tkazilgan tadbirda ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingan... Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, sudlanuvchi sud majlisida unga nisbatan e`lon qilingan ayblovga to`liq iqrorligini bildirgan:

— 2020 yilda Namangan viloyatidan Toshkent shahriga ishlash uchun kelgandim. O`sha yilning noyabrida homilador ekanligim haqida bildim. 2021 yilning yozida ijarada birga yashab turgan tanishim homiladorligimni ko`rib, homilam to`g`risida so`radi. Homilamni oila-a`zolarim bilmasligini, yashirib yurganimni aytdim. Xonadoshim “bolani tug`ib, menga ber. Evaziga 15.000 AQSh dollari beraman”, dedi. Dastlab taklifini rad etib, o`zimning tug`ishgan opam farzandsiz ekanini tushuntirib, tug`ilajak farzandimni opamga berish niyatim borligi aytdim. Shunga qaramay u “taklifimni uylab ko`r”, dedi. Oradan bir oz vaqt o`tib, xonadoshim yana bolani sotib olish taklifi bilan murojaat qildi. “Hozirda 15.000 AQSh dollarim yo`q. 10.000 AQSh dollarim bor. Shu narxga sota qol”, dedi. Taklifiga javoban bolani to`qqanimdan keyin javob berishimni aytdim. 2021 yilning avgustida tug`ruqxonaga xonadoshim bilan birgalikda borib yotdim. Shu kuni farzandim tug`ildi. Xonadoshim har kuni kelaverib, bolani sotishga ko`ndirdi. Tug`ruqxonadan uyga chiqqanimning ertasi kuniga menga qo`ng`iroq qilib, “turmush o`rtog`im viloyatdan kelyapti, yonida 9.000 AQSh dollari bor. Bola uchun faqatgina 9.000 AQSh dollari bera olaman”, dedi. Taklifiga rozi bo`lib, er-xotin bilan ko`rishishga kelishdik. Kelishganida ayolga bolaning hujjatlari yo`qligi, hujjatlar tayyor bo`lgandan so`ng sotishimni aytdim. “Hujjatlarni keyin qilib berasiz. Hozir pullarni olib, bolani menga bering”, degan gapiga rozi bo`ldim. 9.000 AQSh dollarini olganim to`g`risida tilxat yozib berishim kerakligini aytdi. O`z xohishim bilan tilxat yozib berdim. Keyin pullarni olgan vaqtimda, prokuratura xodimlari kelib, o`zlarini tanishtirishdi. Xolislar ishtirokida yonimda bo`lgan 9.000 AQSh dollarini cho`ntagimdan chiqarib, stol ustiga qo`ydim. Hozirgi kunda farzandim bolalar saqlanadigan bolalar uyida. Qilmishimdan pushaymonman. O`zimga tegishli xulosalar chiqardim. Ayol meni ko`ndirmaganida, farzandimni sotmagan bo`lardim. 

Реклама на Unews

 

Sudlanuvchi sud hay`atidan unga nisbatan jazo tayinlashda odilona va kamroq muddatga jazo tayinlashni, o`zi dunyoga keltirgan farzandini vaqtinchalik onasining qarmog`iga olib berish uchun yordam berilishini so`radi.

Baxrom Berdiev, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi: 

Реклама на Unews

— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topildi. Unga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda o`tattirilishi belgilandi.

 

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring