Toshkent tumanida gaz ta`minoti xodimi pora bilan ushlandi

“Toshkenttumangaz” servis xodimi Nanila Farm kompaniyasining qarzdorligini yopib berish uchun 700 dollar va 300 ming so`m olayotganida qo`lga olindi. Voqea ortidan mazkur gaz ta`minoti bo`limi boshlig`i ishdan olindi. “Hududgazta`minot” aholini ogohlantirib, tizim avtomatlashtirilgani sababli gaz xodimlari qarzdorlikni yopib bera olmasligini ma`lum qildi.

Toshkent tumanida “Toshkenttumangaz” servis xizmati xodimi Doniyor Hamidov 700 dollar va 300 ming so`m pora olayotganda huquq-tartibot idoralari tomonidan qo`lga olindi. Bu haqda “Hududgazta`minot” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Ma`lum qilinishicha, 2022 yilning iyul oyida “Nanila Farm” MChJ rahbari D.Hamidovdan yangi gaz hisoblash uskunasini o`rnatishda ko`mak berishini va 13 mln so`m miqdoridagi qarzdorlikni yopib berishini so`ragan.

Реклама на Unews

MChJ rahbari bundan avvalroq “Toshkenttumangaz” boshlig`i Ilhom Yoqubovga yordam so`rab murojaat qilgani, ammo undan rad javobini olgani aytilmoqda.

D.Hamidov esa tadbirkorning takroriy qo`ng`iroq va iltimoslaridan so`ng masalani hal qilishda ko`maklashishga qaror qiladi va mukofot sifatida 8 mln so`m so`raydi. Tuman oshxonalaridan birida kelishilgan summani olayotgan vaqtda, u huquq-tartibot idoralari tomonidan qo`lga olingan.

Vaziyatni o`rganish davomida aniqlanishicha, “Nanila Farm” MChJ tabiiy gazdan qarzdorligi uchun gaz ta`minoti tarmog`idan uzib qo`yilgan. Bugungi kunda, o`ziga yuklatilgan vazifaga lozim darajada yondashmagani va beparvo munosabatda bo`lgani uchun “Toshkenttumangaz” boshlig`i Ilhom Yoqubov bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Servis xizmati xodimi Doniyor Hamidovga nisbatan o`rnatilgan tartibda jinoiy ish qo`zg`atilgan bo`lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Реклама на Unews

“Hududgaztaminot” gaz ta`minoti xodimlari tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgan taqdirda zudlik bilan 1104 qisqa raqamiga murojaat qilishni yoki Facebook'dagi “Gaz ta`minotidagi muammolar va ularni hal etish yo`llari” guruhiga xabar yuborishni so`ramoqda.

Kompaniyaning qayd etishicha, bugungi kunda tizimda zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilgan bo`lib, bunda inson omilining ta`sir doirasi mavjud emas.

“Xodimlar tabiiy gaz hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga kirish, shuningdek gaz iste`moli hajmlari ko`rsatkichlarini kamaytirish imkoniyatiga ega emas. Shu bois har qanday noqonuniy kelishishlar befoyda va mantiqsizdir”, deyiladi bayonotda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring