“Tez yordam” brigadalarining manzilga kechikib borishini sababi ma`lum bo`ldi

So`nggi vaqtlarda aholi orasida “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortayotgani sababli Toshkent  shahar “103” tez tibbiy  xizmatiga kelib tushayotgan kunlik chaqiriqlar soni ham oshib bormoqda. Xo`sh, shahar “Tez yordam” xizmati ushbu murojaatlarga o`z vaqtida javob bera olyaptimi? Tizimda ish samaradorligini oshirish, bemorlarga sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatish borasida qanday ishlar qilinmoqda? 

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BO`RIBAEVga murojaat qildi.

— Sir emas, shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida koronavirus bilan bog`liq epidemik vaziyat murakkab bo`lib turibdi, — deydi D. Bo`ribaev — Afsuski, mamlakatimiz, xususan, Toshkent shahri aholisi orasida “COVID-19” infeksiyasiga gumon qilingan, pnevmoniya va koronavirus kasalligi tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan fuqarolar tomonidan “103” xizmatiga bo`layotgan chaqiriqlar soni ham ortmoqda.

Реклама на Unews

Raqamlarga murojaat qilsak, ayni paytda shahar “Tez yordam” xizmati CALL-markaziga bir kunda o`rtacha 5000-5100 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Jumladan, so`nggi besh kun ichida (8 iyuldan-12 iyulgacha) 26 ming 421 ta chaqiriq kelib tushgan bo`lsa, shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirusga gumon qilingan yoki  tashxisi qo`yilgan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan ikki ming uch yuz qirq nafarga yaqin bemorga sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatildi.

— Bugungi pandemiya davrida aholining “Tez yordam”ga bo`lgan yuqori ehtiyojini qondirish maqsadida tizimda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?    

— Aholining “103” xizmatiga murojaatlari soni oshib borayotganligi sababli shu kunlarda shahar “Tez yordam” xizmati avtoparkiga 65 ta yangi avtotransport vositasi olib kelindi hamda tibbiyot xodimlaridan iborat qo`shimcha brigadalar tashkil etildi.

Реклама на Unews

Shuningdek, chaqiriqlarga o`z vaqtida javob berish, ularni tez tibbiy yordam brigadalariga tezkor ravishda uzatish hamda tarmoqda biron bir bandlik holatlari kuzatilmasligi uchun Toshkent shahar “103” xizmati CALL-markazi operatorlari soni qo`shimcha 40 nafarga oshirilib, jami 80 nafarga etkazildi. Bu esa o`z navbatida tizimda ish sifatini yanada yaxshilash imkonini berayotir.

— Ba`zida aholi tomonidan bir nafar bemor uchun “Tez yordam” xizmatiga qayta-qayta murojaat qilish kuzatiladi. Aytingchi, bu holat tizim faoliyatiga qanchalik ta`sir etadi?

— Darhaqiqat, keyingi vaqtlarda bir manzilga bir nechta joydan qayta-qayta chaqiriqlar kelib tushmoqda. Ya`ni, bitta bemorga oila a`zolari, do`stlari, shuningdek, qo`shnilari tomonidan ham murojaatlar qabul qilinmoqda. Aytish lozimki, bu kabi holatlar pandemiya davrida shundoq ham tig`iz tartibda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam xizmati ishini yanada qiyinlashtirib, “103” brigadalariga yuklamalar ortishiga sabab bo`layotir.  

Qolaversa, qayta chaqiriqlar tufayli bitta manzilga bir vaqtning o`zida ikkita, uchta, hatto, to`rttagacha “Tez yordam” avtomashinasining borib qolish holatlari kuzatilmoqda.

Aytish lozimki, bugungi kunda “103” xizmati to`liq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega bo`lib, aholidan kelib tushayotgan har bir chaqiriq tizim bazasiga kiritiladi. Ya`ni, “Tez yordam” chaqirish uchun bir marta murojaat qilishning o`zi kifoya. Qayta chaqiriqlarga esa hojat yo`q.

Shu bois, fuqarolarimizdan biroz sabrli bo`lishlarini, shoshqaloqlik bilan qilingan noto`g`ri harakat boshqa bir bemor hayotini xavf ostiga qo`yishi mumkinligini yodda tutishlarini istar edim.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring