Surxondaryoda benzin sotuvi to`g`ri tashkil qilinmagani uchun Termiz neft-baza rahbari hayfsan oldi

Surxondaryo viloyat hokimligining bergan xabariga ko`ra, kuni-kecha viloyat hokimi Ulug`bek Qosimov rahbarligida viloyat shtabining navbatdagi muhokama yig`ilishi bo`lib o`tdi.

 

Ma`lum qilinishicha, ushbu yig`ilishda hozirgi kunda ko`plab e`tirozlarga sabab bo`layotgan, avtomobillarga yoqilg`i quyish shaxobchalarida yuzaga kelgan uzun navbatlar, yoqilg`i ehtiyojdan kelib chiqib etkazib berilamayotganligi va bu borada mas`ullarning faoliyati tahlil qilingan. 

Shuningdek, AYoQShlarda benzin sotuvini to`g`ri tashkil qilmaganligi, nazorat o`rnatmaganligi uchun viloyat Departament, Soliq boshqarmasi boshlig`i va viloyat Neft-gaz inspeksiyasi rahbari rasman ogohlantirildi. Termiz neft-baza rahbariga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi tayinlandi. Mas`ullarga viloyatdagi barcha AYoQShlarda benzin sotilishini to`g`ri yo`lga qo`yish, har bir hududga to`g`ri taqsimlash, navbatlarning oldini olish bo`yicha vazifalar belgilab berilgan. 

Qiziriq tumanida o`tkazilgan o`rganishlarda markaziy dehqon bozorida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkasini to`g`ri yo`lga qo`ymaganligi uchun tuman hokimining birinchi o`rinbosari faoliyatini o`rganib, lavozimiga loyiqlik masalasini ko`rib chiqish, tuman Departamenti boshlig`iga chora ko`rish bo`yicha topshiriqlar berildi. Ushbu topshiriqlar bo`yicha ertaga o`tkaziladigan shtab yig`ilishiga ma`lumot kiritilishi lozimligi belgilandi.

Hudud rahbarlariga arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalarida har bir kilogram kartoshka 3 500 so`m, go`sht 60 000 so`m, piyoz 4 500 so`mdan sotilishini ta`minlash, kichik tumanlar kuniga 5 tonna, katta shahar va tumanlar 10 tonnagacha mahsulotlarni savdo yarmarkalariga chiqarish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Termiz tumanida obodonlashtirish, yo`l bo`ylarini tozalash, shuningdek qishloq xo`jaligida belgilangan vazifalarning ijrosi qoniqarsiz tashkil qilinganligi uchun Termiz tumani hokimiga rasman ogohlantirish berildi va tuman hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimidan ozod etildi. 

Termiz shahrida olib borilayotgan keng ko`lamli obodonlashtirish va chiqindilardan tozalash ishlarini bir kun muddatda yakuniga etkazish bo`yicha shahar rahbarlariga topshiriq berildi.

Bundan tashqari bugun Jarqo`rg`on tumanida o`tkazilgan o`rganishlar davomida maktabda kimyo fanidan to`garak o`tayotgan o`qituvchining faoliyati yaxshi baholandi. O`qituvchi tomonidan o`quvchilarni to`garakka yaxshi jalb qilinganligi sababli o`quvchilar har kuni bilim olish uchun maktabga kelishadi. Viloyat hokimi bilan suhbatda o`quvchilar kelgusida kimyo fanini chuqur o`zlashtirib, shifokor bo`lishmoqchiligini aytishdi. O`qituvchiga fanini yaxshi o`qitayotganligi uchun viloyat hokimining sovg`asini etkazish bo`yicha mas`ullarga topshiriq berildi.

Shuningdek, muhokama yig`ilishida viloyatda ijtimoiy sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ham tahlil qilindi. Berilgan har bir topshiriq ijrosi qat`iy nazorat ostida ekanligi, topshiriqlarni bajarmagan mas`ullarga nisbatan qat`iy choralar ko`rilishi haqida ogohlantirildi, deyiladi xabarda.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring