Sherali Jo‘rayev haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarga oydinlik kiritildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston xalq artisti, 74 yoshli Sherali Jo‘rayevning og‘ir ahvolda ekani yoki vafot etgani to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqalmoqda. «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov mazkur gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida san’atkorning kenja izdosh o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayevning ma’muri G‘ayrat Shokirov bilan bog‘landi.

«Kimlardir judayam noto‘g‘ri xabarlar tarqatib yuboribdi. Bunday gaplarni kim chiqargan bo‘lsa, Alloh unga insof bersin», — dedi G‘ayrat Shokirov.

— Sherali Jo‘rayev ayni paytda Istanbulda davolanayotgani haqidagi xabarlar qanchalik rost?
— Aslida Turkiyaga safarga ketgan. U yerda qizlari o‘qiydi. Magistraturani bitirish arafasida diplom olish jarayonlari bo‘larkan. Hozir qizlarining oldida. 7—8 mart kunlari Toshkentga qaytib keladi. Xudo xohlasa, 21 mart kuni davlat bayramida ko‘rinish beradi. Dasturga qo‘shiqlari kiritilgan, tayyorgarlik ketyapti.

Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev ham otasining tirik va sog‘-salomat ekanligini aytib, muxlislardan yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikni so‘radi.

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring